Hindiston bilan savdo aylanmasi 2030 yilgacha 5 mlrd dollarga yetkaziladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vaziri bugun, 30 avgust kuni o‘tkazilgan tor va keng doiradagi muzokaralarda o‘zaro munosabatlarni yangi darajaga olib chiqishga kelishib oldi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining muzokaralari bo‘lib o‘tgan.

Uchrashuv avvalida Narendra Modi davlat rahbarini Mustaqillik kuni bilan tabriklab, O‘zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilagan.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston – Hindiston strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Shu o‘rinda faol va samarali muloqotlar turli darajalarda davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshgan. So‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar soni 7 barobarga ko‘paygan. Ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar amalga oshirilmoqda.

Ta’lim sohasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda.

Bildirilishicha, madaniy-gumanitar aloqalarni ham rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.

O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani ham alohida qayd etilgan.

Mazkur tashrif tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlangan.

Bu O‘zbekiston – Hindiston munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berishi va barcha ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratishi qayd etilgan.

Shu bilan birga, tomonlar siyosiy muloqot va almashinuvlarni barcha darajalarda, shu jumladan, parlamentlardagi do‘stlik guruhlari, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasida faollashtirishga kelishib olgan.

Ma’lum qilinishicha, hamkorlikni samarali muvofiqlashtirishni ta’minlash maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida muvofiqlashtiruvchi mexanizmni ta’sis etish ko‘zda tutilgan.

Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilingan.

Tomonlar o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etib, 2030 yilga qadar tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib olgan.

Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan energetika, elektrotexnika, metallurgiya, muhim minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va zargarlik sanoatida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuqori baholangan.

Shuningdek, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tilgan. Andijon viloyati va Gujarat shtati, Farg‘ona viloyati va Haryana shtati, Samarqand viloyati va Agra o‘rtasida yaqin sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilgan. Madaniyat kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, forumlar va kinofestivallarni muntazam o‘tkazib borish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha 5 yillik dasturni imzolash ko‘zda tutilgan.

Muzokaralar davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.

Yetakchilar xalqaro tuzilmalar doirasidagi samarali hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etgan. Tomonlar BMT, SHHT, BRIKS va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini izchil davom ettirish muhimligini ta’kidlagan.

Uchrashuv yakunida vazirlik va idoralar rahbarlariga qo‘shma loyiha va dasturlarning faol ilgari surilishini ta’minlash topshirilgan.

Bildirilishicha, har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha aniq mexanizmlar, mas’ul ijrochilar va amalga oshirish muddatlarini o‘z ichiga olgan tegishli “yo‘l xaritalari” ishlab chiqiladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing