Hind okeanida million yillik kitlar qabristoni topildi

Bu qiziq

image

Olimlar Hind okeanining janubi-sharqiy qismida, suv ostida taxminan 7 kilometr chuqurlikda joylashgan qadimiy kitlar qabristonini aniqladi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, bu joy millionlab yillar davomida shakllangan bo‘lib, hozirgacha topilgan eng katta, eng chuqur va eng qadimiy kitlar qabristoni hisoblanadi. Ushbu joyda kitlarning ulkan suyaklari atrofida juda boy dengiz hayoti shakllangani aniqlangan. Bu yerda meduzalar, naycha-qurtlar, dengiz yulduzlari, dengiz bodringlari, mayda omarlar va turli mollyuskalar yashab kelmoqda. Olimlar bu ekotizim ichida hali fanga noma’lum bo‘lgan yangi turlar ham mavjud bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Tadqiqotlar 2023 yilda bir nechta chuqur dengiz ekspeditsiyalari davomida olib borilgan. Olimlar maxsus suvosti apparatlari yordamida hududni o‘rganib, beshta alohida kit qoldiqlari joylashgan hududni xaritaga tushirgan va qadimiy suyak namunalarini to‘plagan. Eng eski topilmalar taxminan 5,3 million yil avvalgi davrga tegishli ekani aniqlangan.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, kitlarning juda katta tana tuzilishi va suyaklar tarkibidagi organik hamda mineral moddalar bu joyda maxsus ovqatlanish zanjirini shakllantirgan. Kit jasadlari dengiz tubiga cho‘kkach, ular asta-sekin parchalanib, atrofdagi organizmlar uchun uzoq muddatli ozuqa manbaiga aylangan.

Shu bilan birga, hududning juda chuqur joylashgani suyaklarning millionlab yillar davomida saqlanib qolishiga yordam bergan. Tadqiqotchilarning fikricha, suyaklar zichligi yuqori bo‘lgani uchun ularni yemiruvchi organizmlar ta’siriga ham chidamli bo‘lgan, qo‘shimcha ravishda dengiz suvidagi minerallar suyak yuzasini qoplab, ularni yanada mustahkam qilgan.

Olimlar bu hududda nega aynan shuncha ko‘p kitlar nobud bo‘lganini aniq ayta olmagan. Taxminlarga ko‘ra, kitlar bu hududda tabiiy sabablar bilan o‘lgan bo‘lishi mumkin yoki okean oqimlari ularning jasadlarini bir joyga to‘plab, qabristonni hosil qilgan.

Tadqiqotchilarning bildirishicha, bunday topilmalar juda muhim ahamiyatga ega, chunki ular Yerning eng ekstremal sharoitlarida ham hayot qanday moslashishi va yashab qolishini tushunishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar dinozavrlar davrida yashagan yirik dengiz sudralib yuruvchisini kashf etib, unga Tylosaurus rex deb nom bergandi. Tylosaurus rex taxminan 80 million yil avval Shimoliy Amerikaning o‘sha davrdagi ichki dengizlarida yashagan.


Maqola muallifi

Teglar

qabriston Hind okean kitlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing