Hech bir xalq bunday cheklovlarga duch kelmayapti – BMT KXDR haqida
Olam
−
13 Sentabr 16583 2 daqiqa
Shimoliy Koreyada inson huquqlari bo‘yicha vaziyat so‘nggi o‘n yillikda yaxshilanmadi, balki ko‘plab jihatlarda yanada og‘irlashdi va bu aholining azob-uqubatlarini yanada kuchaytirdi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi hisobotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, mamlakatda fuqarolarni hayotning barcha jabhalarida nazorat qilish va ular ustidan kuchaytirilgan kuzatuv olib borishga qaratilgan yangi qonunlar qabul qilingan va siyosat amalga oshirilgan.
“Zamonaviy dunyoda boshqa hech bir xalq bunday cheklovlarga duch kelmayapti”, deyiladi hisobotda.
2025 yilda mamlakat o‘z tarixida kuzatilmagan darajada yopiq holatga kelib qoldi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk hisobot munosabati bilan Shimoliy Koreyadagi “yo‘qolgan o‘n yillik” haqida gapirgan.
“Afsus bilan aytaman, agar KXDR hozirgi yo‘nalishda harakat qilishda davom etsa, aholining kelajagi azob-uqubat, shafqatsiz repressiyalar va qo‘rquv bo‘ladi”, deydi u.
Hisobotda mamlakatda siyosiy mahbuslar lagerlari hali ham mavjudligi ta’kidlanadi. Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa mamlakatlardan o‘g‘irlab ketilgan xorijiy fuqarolarni ham o‘z ichiga olgan yuz minglab bedarak yo‘qolganlarning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.
Aholi hanuzgacha davlat tomonidan olib borilayotgan tinimsiz targ‘ibotga duch kelmoqda. Shuningdek, Shimoliy Koreya aholisi yetarlicha oziq-ovqat bilan ta’minlanmagan, ayrim davlatlarning sanksiyalari esa ochlik muammosini yanada keskinlashtirmoqda.
Mamlakat qonunlari bugun o‘z fikrini erkin ifoda etish yoki axborotdan foydalanish uchun ham, jumladan, o‘lim jazosini kengroq qo‘llashni nazarda tutmoqda. BMT boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan yuzlab intervyular va boshqa materiallar asosida tayyorlangan hisobotda majburiy mehnatdan foydalanishning turli shakllari kengaygani qayd etiladi, xususan, “zarba brigadalari” deb ataluvchi otryadlarda. Ular odatda tog‘-kon sanoati va qurilish kabi xavfli sohalarda ishga jalb qilinadi.
Bu brigadalarga ko‘pincha kam ta’minlangan oilalardan chiqqan odamlar jalb qilinadi. So‘nggi yillarda hukumat minglab yetim va qarovsiz bolalarni ko‘mir konlari va boshqa xavfli ob’ektlarda ishlatgan.
Shu bilan birga, hisobotda ayrim ijobiy o‘zgarishlar ham qayd etiladi, jumladan, qamoq joylarida odamlar bilan muomala borasida. Qo‘riqchilar tomonidan zo‘ravonlik holatlari biroz kamaygan. Sudlov jarayonlarining adolatli o‘tishini va ozodlikdan mahrum etilganlarga nisbatan shafqatsiz muomaladan himoya qilishni kuchaytiruvchi bir necha qonunlar qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakatda “gamburger”, “karaoke” va “muzqaymoq” so‘zlaridan foydalanishni taqiqlashga qaror qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi