Hajga yuborishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
27 may 3586 2 daqiqa
Sirdaryo va Farg‘ona viloyatida Haj ziyoratiga yuborishni va’da qilib, odamlardan pul olgan shaxslar qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma ishchisi bo‘lgan, 1997 yilda tug‘ilgan shaxs Boyovut tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga Haj ziyoratiga yuborish evaziga 12 ming 800 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan. Tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur turfirmaning 1980 va 1994 yillarda tug‘ilgan 2 nafar xodimi ham fuqarolarning ishonchiga kirib, ziyoratga yuborish bahonasida ularning pullarini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish mexanizmini joriy qilgani aniqlangan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qonunbuzarlarning 2 nafariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda va ulardan jabr ko‘rgan boshqa fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Haj amallarini ado etish uchun muborak safarga yuborish evaziga 11 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan shahrida 2 kishini Haj safariga yuborishini aytib, 13 ming 500 dollar talab qilgan fuqaro qo‘lga tushgandi.