Hayvonga taqlid qilgan bolalarning ota-onalari ogohlantirildi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar o‘rtasida o‘zini ma’lum bir hayvon qiyofasida aks ettiruvchi aksessuarlardan foydalangan holda o‘sha jonzotning xatti-harakatlariga taqlid qilish ko‘rinishidagi kvadroberlik submadaniyati namoyon bo‘lmoqda. Bu bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 10 okyatbr kuni Toshkent shahrida hayvonlar qiyofasidagi niqoblarni taqib olgan “kvadrober” uchratilgan, 11 oktyabrda esa yana bir “kvadrober” itga taqlid qilgan holda yo‘lovchilarga hujum qilgan, voqeaga guvoh bo‘lgan bola esa qattiq qo‘rqib ketgan.

“Mazkur holatlar jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid bo‘lib, bu kabi xulq-atvorni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Ekspertlarning fikricha, kvadroberlik bola o‘ziga hayvonlarning agressiv harakatlarini qabul qilishiga, o‘zini va atrofdagilarni jarohatlashiga, bolaning hali to‘la shakllanmagan psixikasiga zarar yetishiga hamda uning jamiyatdan ajratilib qolishiga olib kelishi mumkin.

Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasini eslatib o‘tgan. Ushbu moddaga ko‘ra, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar. Shuningdek, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, voyaga yetmagan ta’lim oluvchilarning ota-onasi bolaning o‘qishi, tarbiyalanishi, jismoniy, ma’naviy va intellektual rivojlanishi uchun mas’uldir.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi BHMning 5 barobarigacha (1 million 875 ming so‘mgacha) jarimaga tortishga sabab bo‘ladi.

IIV bola huquqlari kafolatlarini ta’minlashga mas’ul organlardan biri sifatida shunday submadaniyat namoyon bo‘lishi holatlari ota-onalar tomonidan o‘z majburiyatlarini bajarmaslik sifatida malakalanishini ham ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, kvadroberlik bolaning ruhiy va emotsional sog‘lig‘iga qanday ta’sir etganligini aniqlash maqsadida zarur hollarda bolalarni maxsus psixologik ko‘rikdan (konfidensial tarzda, bolani yakkalash va diskriminatsiya qilinishiga yo‘l qo‘ymaydigan do‘stona usullar orqali) o‘tkazish ham talab etilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shahri kvadrober

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made