Haydovchilar “prava”sidan ayriladi – Hafta tahlili
Tahlil
−
08 avgust 8551 19 daqiqa
Toshkent shahrining 10 ta tumani – Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod, Yashnobod tumanlari hokimlariga nisbatan korrupsion holatlar nazoratini amalga oshirish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Bu haqidagi hujjat shahar hokimi Shavkat Umurzoqov tomonidan imzolangan. Sizningcha, bu tekshiruvdan kimlar omon chiqadi? Oxirgi vaqtlarda Toshkent tumanlarida vaziyat yaxshi emas. Noqonuniy qurilishlar, aholi murojaatlarining ortib borishi, gaz, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar yetmagandek, tadbirkorlarning faryodi, bekatlar mojarosi dard ustiga chipqon bo‘lyapti. Shahar hokimi tugul, tuman hokimlarining faoliyat natijalarini xalq tomonidan baholanishining imkoni yo‘q. Shu va boshqa voqealar tafsiloti bilan Hafta voqealari tahlilining navbatdagi sonida tanishasiz.
Tramp O‘zbekistonga keladimi?
Oxirgi vaqtlar O‘zbekiston va AQSH munosabatlari tarixdagi eng yaxshi davrini yashab o‘tmoqda. Buni biz emas, siyosatchilar aytmoqda, hatto, AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik ham buni bir necha bor aytdi. AQSHdagi noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash, o‘zbekistonliklarning mamlakatdan chiqarib yuborilishi, ayniqsa, logistika yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan vatandoshlarga shartlarning murakkablashishi fonida Vashington va Toshkent aloqalari o‘ta iliqlashib bormoqda. Oxirgi vaqtlarda AQSHni tirnoq ichidan kir qidiruvchi, boshqa davlatlarning ishiga burun suquvchi, matbuot, so‘z erkinligi, inson huquqlari vajlari bilan norozilik qo‘zg‘atuvchi mamlakat sifatida ko‘rish emas, balki unga hamkor, do‘st o‘laroq qarash kuchaygan.
Tugayotgan haftada ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH rahbari Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi. Ayniqsa, ushbu telefon muloqoti o‘tgan hafta Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Ozarbayjon formatidagi yig‘ilishdan keyin o‘tkazilgani ahamiyatli.
Suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari Donald Trampni taomilga ko‘ra, AQSH mustaqilligining 250 yilligi bilan yana bir bor tabriklagan.
Prezident Tramp, o‘z navbatida, O‘zbekiston-Amerika munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga yetganini hamda ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida ishonchga asoslangan yaqin muloqot o‘rnatilganini aytgan.
“Oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. O‘zaro hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan ikki tomonlama muloqot va almashinuvlarning jadal sur’atiga yuqori baho berildi.
Uch yillik iqtisodiy hamkorlik dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston hududlari va Amerika shtatlari o‘rtasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. AQSH fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilgani ishbilarmonlik aloqalarining faollashuviga xizmat qilmoqda.
Fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, tog‘-kon sanoati, infratuzilma, energetika, metallurgiya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda”, deyiladi telefon muloqoti haqida Prezident Matbuot xizmati tarqatgan axborotda.
Prezidentlar xalqaro ahamiyatga molik masalalarni muhokama qilarkan, global xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhim ekani qayd etgan. Yetakchilar bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqqan.
Suhbat yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni o‘ziga qulay vaqtda rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni taklif qilgan.
O‘zbekiston Prezidenti AQSH rahbarini birinchi marta O‘zbekistonga taklif qilayotgani yo‘q. Umuman, o‘tgan yili Trampning Markaziy Osiyoga, xususan Qozog‘istonga tashrif buyurishi haqida xabarlar tarqalgandi, ammo bu gaplar hozirgacha reallikka ko‘chgani yo‘q.
35 yillik mustaqilligini nishonlash arafasida turgan O‘zbekistonga hozirgacha hech bir AQSH Prezidenti tashrif buyurmagan. Tarixda Markaziy Osiyo mintaqasiga kelgan yagona sobiq AQSH Prezidenti – bu Bill Klinton. U ham prezidentlik vakolati tugaganidan so‘ng, 2005 yilda shaxsiy jamg‘armasi liniyasi bo‘yicha Qozog‘istonga tashrif buyurgan.
Bill Klintonning o‘zi kelmagan bo‘lsa-da, uning rafiqasi — Hillari Klinton AQSHning Birinchi xonimi sifatida 1997 yil noyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan. U Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib, tarixiy obidalar bilan tanishgan hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashgan.
Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi belgilandi
O‘zbekistonda Prezident Administratsiyasi bor edi-ku lekin uning huquqiy maqomi yo‘q edi. Nihoyat, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senat tugayotgan haftada “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi 34 moddadan iborat Konstitutsiyaviy Qonunni ko‘rib chiqdi va ma’qulladi.
Qayd etilishicha, ushbu Qonun Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan.
Qonunda Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi, uning davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalari, Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlari aniq belgilab berilmoqda.
Bundan tashqari, Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorligi hamda aloqalari huquqiy tartibga solinmoqda.
Qonunni tayyorlash jarayonida bir qator xorijiy davlatlar, xususan, AQSH, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar tajribalari o‘rganilgan hamda tahlil qilingan.
“New Port” dastidan dod deganlar
Tasavvur qiling: kimdir mahallangizga kelyapti, “uyingiz o‘rnida ko‘p qavatli uy, sity qurmoqchimiz”, deb avval 10 ta, keyin 20 ta qo‘shnining roziligini oladi, oldi-sotdi shartnomasini qiladi, burningizning tagida qurilish boshlaydi, eshigingizdan kirib-chiqishga joy qoldirmaydi, chang-to‘zon, shovqin, ko‘chishga majburlashadi. Shunda ham chiqmasangiz, zo‘ravonlik qilinadi. Uyingiz uchun pul talab qilsangiz, narxni siz emas, o‘zlari belgilashadi. Ko‘nmasangiz, uyingizni majburiy buzishadi. Yakkasaroy tumani “Damariq” mahallasida ham xuddi shunday bo‘lgan.
Fuqaroning murojaati tasdiqlandi. Majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari yakunlanmasdan turib uy o‘zboshimchalik bilan buzib tashlangani aniqlandi.
Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan ma’lum qilinishicha, tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruvda “Mega Logistics Servise” MCHJ mansabdor shaxslari Yakkasaroy tumani Damariq mahallasi Abdulla Qahhor ko‘chasi, 19-uyda yashovchi fuqarolarni majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari yakunlanmagan bo‘lsa-da, mazkur uyni o‘zboshimchalik bilan buzib tashlagan.
Shuningdek, qurilishga tegishli ruxsatnoma olmasdan ushbu hududda 1 ta 20 qavatli, 2 ta 19 qavatli, 1 ta 12 qavatli va 1 ta 2 qavatli turar joy binolari o‘zboshimchalik bilan qurilgani ma’lum bo‘lgan. Xo‘sh, bu qaysi uy deysizmi? O‘sha nomi mashhur “New Port” loyihasi.
Bildirilishicha, holat yuzasidan “Mega Logistics Servise” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga murojaat qilib, dodini aytgan ona-bola ushbu yirik loyiha ortida Xitoy investitsiyasi turgani, investorlar davlat tomonidan himoya qilinishini tushunishi, biroq O‘zbekistonda ham ushbu biznesga aloqador va uni panada qo‘llayotgan boshqa mansabdorlar yoki “blatnoy”lar borligini aytgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, “Mega logistics service” MCHJ “New Port” nomi ostida jami 9 ta blokda qurilish-montaj ishlari amalga oshirayotgan bo‘lib, shundan 3 ta blok bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining ijobiy xulosasi hamda tegishli ijobiy ekspertiza xulosalari olingan.
Ushbu hujjatlar asosida mazkur bloklarda qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun Toshkent shahar hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Qolgan 6 ta blokda esa qurilish-montaj ishlari Inspeksiyadan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan olib borilgan.
“Aniqlangan holatlar yuzasidan buyurtmachi – “Mega logistics service” MCHJga bir necha marta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan. Ularda qurilish-montaj ishlarini belgilangan shaharsozlik hujjatlari asosida hamda ob’ektni inspeksiyadan tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazgan holda amalga oshirish talab etilgan.
Biroq yozma ko‘rsatmalarda belgilangan talablar bajarilmagani sababli buyurtmachining mas’ul mansabdor shaxslari belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, buyurtmachining texnik nazoratchisiga nisbatan tegishli taqdimnoma kiritilib, ta’sir choralari qo‘llanilgan”, deyiladi inspeksiya bayonotda.
Shaharning qoq markazida 6 ta noqonuniy bino qurilibdi, shifti osmonni o‘pibdi, odamlar uyidan zo‘rlik bilan ko‘chirilibdi, uyi buzilibdiyu qolganlar tomoshabin, oxirida hammasi ochilgach, biz bilgandik, biz kutgandik, biz aytgandik deyishdan nari o‘tish yo‘q. Axir, quraver keyin bir gap bo‘lar degan qurilishlardan charchadik. Shahardan qancha shunday noqonuniy binolar bor? Besh yildan buyon kadastrsiz odamlar kirib yashayotganlarini bilamiz. Qachongacha davom etadi bular? Shahar bedarvozami? Ular hali bitta g‘isht qo‘ymay, odamlardan pul yig‘ib, qurilish qilishni boshlaydi, pul to‘laganlar yillab sarson bo‘ladi. Hovuzi, saunasi, bolalar maydonchasi, 24 soat qo‘riqlash xizmati, maktabi, bog‘chasi, avtoturargohi bor deyilgan uyning to‘rt devori, bitta romi borligiga xursand bo‘lib, kalitni olganiga shukr aytadiganlar qancha?! O‘sha qurilishlarning noqonuniyligini bilgan inspeksiya nega og‘ziga tolqon solib o‘tiribdi. Nega o‘sha sotuv ofislari oldiga “ruxsat etilmagan qurilma” deb banner osib qo‘ymayapti. Pismayib o‘tirib, hamma narsa suv yuziga chiqqach, biz jarima qilgandik, bu qurilish noqonuniy edi deb bayonot berishdan boshqaga yaramayapti.
Inspeksiya “New port”dagi qonun buzilish holatlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar tegishli huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilganini aytmoqda, ammo sanasiga aniqlik kiritmagan. Qachon, shov-shuvdan avvalmi, keyinmi? Agar huquqiy baho berish uchun ancha avval yuborilgan bo‘lsa, nega baho berilmagan? Nega odamlar Administratsiya rahbarigacha dod solib chiqdi, nega vaqtida chora ko‘rilmadi? Chora ko‘rmagaganlarga chora ko‘riladimi? Prokuratura masalaning bu tarafiga ham kiryaptimikin?
“Mazkur ob’ektda aniqlangan qonunbuzilish holatlari inspeksiya tomonidan e’tiborsiz qoldirilmagan. Aksincha, ular yuzasidan belgilangan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkazilib, vakolat doirasida tegishli ta’sir choralari qo‘llanilgan hamda qonunbuzilishlarga huquqiy baho berilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan”, deyiladi axborotda.
Inspeksiya o‘z bayonotida qayta va qayta chora ko‘rganmiz degan-u lekin qanday choraligi, qachon ko‘rilganiga aniqlik kiritmagan. Shuning o‘zi bir qator savollarni keltirib chiqaradi. Bayonot go‘yo hamma narsa haqida hech narsa degandek taassurot uyg‘otyapti kishida.
Olmazordagi qurilishda fojia. Aholi norozi
Esingizda bo‘lsa, o‘tgan hafta Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Mirobod tumanidagi “Lolazor” muhallasiga borib, bolalar maydonchasini o‘rab olib, bu yerdagi daraxtlarni kesib, o‘rnida biznes markazi qurilayotganini keskin tanqid qilgandi. O‘shanda u Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov, Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovga poytaxtdagi barcha qurilishlarni xatlovdan o‘tkazib, noqonuniylarini aniqlash va kerak bo‘lsa, bu qurilishlarga ruxsat bergan mansabdorlarni javobgarlikka tortish masalasini ko‘ndalang qo‘ygandi. Shundan keyin butun shaharda katta taftish boshlandi. Lekin negadir bu taftish Olmazordagi qurilishlarga yetib kelolmayapti. Yetib kelsa-da, isi chiqmayapti.
Olmazor tumaning “Orzu” mahallasi aholisi 3 yildan buyon tahririyatimizga ko‘p qavatli uy va maktab orasidagi bir vaqtlar sobiq “Karvonbank”, keyin Olmazor tumani pasport stoli bo‘lgan, undan keyin 243-maktabga berilgan bino buzib tashlanib, atrofi payhon qilinib, o‘rnida ko‘p qavatli uy, biznes markazi va do‘konlar qurilayotganidan nolib kelayotgandi.
Afsuski, ularning dodiga hech kim quloq tutmadi. Daraxtlar tunda isi chiqmay kesildi, Ekologiyaga mas’ullar ham bong urmadi, qilmishlari yeng ichida qoldi.
O‘tgan hafta oxirida esa shu qurilish maydonida kotlovan qazish jarayonida yer o‘pirilib, bir kishi jarohatlandi. Oddiy qilib aytganda qurilish normalari buzilgan, o‘zboshimchalik qilingan.
Ushbu hududda qurilish “DONMAH IMEX” MCHJ tomonidan olib borilgan. Ayni vaqtda MCHJ mansabdor shaxslarining harakatlarida Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) hamda 192-11-moddasi (nodavlat tashkilotda mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish) alomatlari mavjudligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu hududda yillar davomida 13 ta ko‘p yillik manzarali va sog‘lom daraxtlar kesib tashlangan. Maratoriyga qaramay, hatto, 2025 yilda shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ekologiya borasidagi sa’y-harakatlarga parvo ham qilmay. Ha, jarimalar qo‘llanilgan, lekin pulini to‘lab qo‘yib, kesishda davom etilgan. Xullas, gapiraman desang gap ko‘p. QALAMPIR.UZ qayta va qayta voqea joyiga bordi, xalq dardiga quloq tutdi, mas’ullarni qidirdi, lekin ulardan darak bo‘lmadi. Tuman hokimligi mansabdorlari tumanda shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Rahmonov tashrifi bilan ovoraligi sabab QALAMPIR.UZ savollaridan qochgan bo‘lsa, aynan shu tumanga hokimlik davrida 243-maktabga biriktirilgan bino va hudud biznesmenlar qo‘liga qanday o‘tib qolganiga aniqlik kiritishi mumkin bo‘lgan muhim shaxs – janob Rahmonov QALAMPIR.UZ mikrofoni qarshisiga chiqmadi. Holbuki, Saida Mirziyoyeva o‘tgan hafta aynan u bilan muloqotda xalqning yerini xalqqa qaytarish, barcha qurilishlarni xatlovdan o‘tkazishni topshirgandi.
Shu o‘rinda ana shu topshiriq ijrosiga to‘xtalsak: topshiriqni ijro etish ekan deb odatda yuqoridagi rahbarlar nomini yomonotliq qilish, ular nomi bilan ko‘p noqonuniy ishlarga bosh bo‘lib, so‘ng hammasi fosh bo‘lganda, attang deganlarni ko‘p ko‘rildi. Administratsiya rahbarining topshirig‘i biznes yoki ma’lum shaxslar manfaatlariga qaratilmagani yoki taftish, xatlov bahonalari bilan qonuniy qurilishlarni ham to‘xtatib qo‘yib, korrupsiyaning yangi omillarini topish uchun berilmaganini odamlar o‘sha videoning o‘zidan eshitdi. Buyog‘i topshiriqni olganlarga havola.
Ha, darvoqe. Olmazordagi fojiali qurilish haqida alohida jurnalistik surishtiruv tayyorlaganimiz, uni YouTube’dagi kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin.
Tezlikni oshirganlar “prava”sidan mahrum bo‘ladi
O‘zbekistonda endilikda belgilangan tezlikni 80 km/soatdan ortiq oshirganlar haydovchilik huquqidan mahrum qilinadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida muhokama qilingan yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasida shunday yozilgan.
Ushbu hujjat bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Xususan, Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida fuqaroning badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilgan, odam o‘limi yoxud boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqqan hollarda transport vositasini topshirgan shaxsga jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish, avtomototransport vositalari poygasini noqonuniy tashkil etish va unda ishtirok etish, yuk transport vositalarini tungi vaqtda yo‘l harakati ishtirokchilariga xavf tug‘diradigan holatda yo‘l chetida qoldirish, transport vositasini hisobdan chiqarish tartibini buzish, belgilangan tezlikni 80 kilometr/soatdan ortiq miqdorda oshirish uchun alohida va kuchaytirilgan javobgarlik belgilash nazarda tutilyapti.
Transport vositasini mastlik holatida boshqarish yoki tegishli tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash uchun belgilangan jazo choralarini takomillashtirish, shuningdek, ayrim qo‘pol qoidabuzarliklar takroran sodir etilganda jarimani chegirma bilan to‘lash tartibini muayyan muddat davomida qo‘llamaslik ham nazarda tutilmoqda.
Qonun hali qabul qilinganicha yo‘q, uning qabul qilinishi esa yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati ishtirokchilarining hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish, qo‘pol qoidabuzarliklar uchun javobgarlikning ta’sirchanligi va muqarrarligini ta’minlash, haydovchilarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qilishi aytilmoqda.
Namanganning sobiq hokimi 11 yilga qamaldi
Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudining 7 avgustdagi hukmi bilan Namangan shahrining sobiq hokimi 54 yashar Anvarjon Otaxo‘jayev Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
U 59-moddasi 3-qismi tartibida uzil-kesil 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan ishlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 11 yilga qamaldi
Jinoyat ishi bo‘yicha 3 nafar sudlanuvchiga 7 yildan 10,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2 nafariga 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari hamda 1 nafar sudlanuvchiga 3 yilga ozodlikni cheklash jazolari tayinlangan.
Xo‘sh, u nega qamaldi? Qaysi jinoyati uchun?
Gap shundaki, Otaxo‘jayev va poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan, ma’nan eskirgan turarjoy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming dollar talab qilgan.
O‘tgan yilning avgustida DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab MCHJ rahbari ushbu so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi o‘zining yana bir ishonchli odami bo‘lgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Toshkentdagi ko‘prik qurilishidan 7,4 milliard o‘g‘irlangan
Toshkentning ko‘prik, yanada aniq aytsak, yo‘l o‘tkazgichning devori qulab tushgani esingizdami? Bu oddiy va unutiladigan hodisa emasdi. 2024 yilning avgustida ochilgan-u kamida 100-120 yil xizmat qilishi aytilgan ushbu yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirilganidan 7 oy o‘tib, devorlari qulagan edi. 128 so‘m sarflangani aytilgan ushbu dunyoda tengi yo‘q ko‘prik qurilishida 7,4 milliard so‘m o‘g‘irlangan. Bu ayon bo‘lgani, sudda ayon bo‘lgani.
Tugayotgan haftada tunnel yo‘lida tirgak devori qulashi ortidan 6 kishi sudlanib, ularga nisabatan sud hukmi o‘qildi.
“O‘zyo‘lko‘prik klasterining Toshkent viloyati filiali” davlat muassasasi 12-turkumli umumiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Akmal Murodov, “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DM direktor o‘rinbosari – bosh muhandisi Sanjar Mannonov, Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DM muhandislik texnik nazorat va bajarilgan ishlarni qabul qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Zafar Shorahmedov, “O‘zyo‘lko‘prik klasterining Toshkent viloyati filiali” DM ishlar bo‘limi ish boshqaruvchisi Abdumutal Isropilov, “Yo‘l loyiha byurosi” MCHJ 1-sun’iy inshootlarni loyihalashtirish bo‘limi loyiha bosh muhandisi Nurshod Mavlonov va “Grand nur yo‘l qurilish” MCHJ direktori Obid Odilov sudga jalb qilingan.
Ular o‘zaro til biriktirib, jami 7 mlrd 377 mln so‘m miqdordagi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Hukumatning 2022 yil 24 martdagi qarorida Toshkent halqa yo‘lining Temur Malik ko‘chasidan o‘tgan bir qismini hamda ushbu yo‘ldagi yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish va yangisini qurish belgilangan. Shu maqsadda “O‘zyo‘lko‘prik klasterining Toshkent viloyati filiali” DM va “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DM o‘rtasida 1-bosqich uchun 2024 yil yanvar oyida qiymati 118 mlrd 996 mln so‘mlik, 2024 yil avgust oyida qo‘shimcha kelishuvlar bilan 94 mlrd 15 mln so‘mlik pudrat shartnomalari tuzilgan.
Mazkur ob’ektda 4 ta monolit beton tayanch devorlarining ostki qismidagi poydevor, tayanch devorlari, yer ishlari, qayta ko‘mish ishlari, ustki asos qatlami va tayanch devorlarining tashqi bezak ishlari bilan jami 6 mlrd 177 mln so‘mlik yaroqsiz qurilish ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, 433 mln so‘mlik bazalt geosetka va 766 mln so‘mlik qum-shag‘al aralashmasini yotqizish ishlari esa amalda bajarilmagan holda bajarilgan ishlar dalolatnomasiga kiritilgan.
Joriy yilning 31 iyul kuni ushbu ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida Akmal Murodov, Sanjar Mannonov, Zafar Shorahmedov, Nurshod Mavlonov va Obid Odilov aybiga iqror bo‘lmagan. Abdumutal Isropilov esa o‘ziga nisbatan e’lon qilingan ayblovga qisman iqrorligini bildirgan.
Sud hukmiga ko‘ra:
Akmal Murodov – Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a", "v” bandlari bilan aybdor deb topilgan. Unga uzil-kesil 1 yil muddatga moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 310 baravari, ya’ni 116 mln 250 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan;
Sanjar Mannonov – Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi "a", "v” bandlari bilan aybdor deb topilgan. Unga uzil-kesil 1 yil muddatga moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 310 baravari, ya’ni 116 mln 250 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan;
Zafar Shorahmedov – Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a", "v” bandlari bilan aybdor deb topilgan. Unga ham uzil-kesil 1 yil muddatga moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 310 baravari, ya’ni 116 mln 250 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan;
Abdumutal Isropilov – Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a", "v” bandlari bilan aybdor deb topilgan. Unga uzil-kesil 1 yil muddatga moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 310 baravari, ya’ni 116 mln 250 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan;
Nurshod Mavlonov – Jinoyat kodeksining 28, 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilgan. Unga uzil-kesil 1 yil muddatga moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 290,5 baravari, ya’ni 108 mln 937 ming 500 so‘m miqdorida jarima jazosi qoldirilgan;
Obid Odilov – Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28, 209-moddasi 2-qismi “a", "v” bandlari bilan aybdor deb topilgan. Unga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 310 baravari, ya’ni 116 mln 250 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Migratsiya agentligida pul yuvish
Migratsiya agentligida tebranishlar davom etmoqda. Bilasiz, ayni kunlarda Koreya davlatiga ishga yuborish bo‘yicha 90 million dollarlik korrupsion “sxema” doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining naq to‘rt mansabdori sudlanmoqda. Tugayotgan haftada esa agentlikda 1 mlrd so‘mdan ortiq talon-torojliklar fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Migratsiya agentligining mas’ul shaxslari agentlikning ikki xodimining amalda ishlamagan davri uchun 931,6 mln so‘m ish haqi sifatida hamda intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan va jazo amal qilgan davrda Mehnat kodeksining talablariga zid ravishda 8 nafar xodimga 88,5 mln so‘m to‘lab berib byudjet mablag‘larini rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Yodingizda bo‘lsa, Bosh prokuratura joriy yilning 14 may kuni Migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdor shaxslari korrupsion “sxema” tashkil qilib, Koreyaga ishga yuborish uchun rasmiy to‘lovlardan tashqari firibgarlik yo‘li bilan 7-12 ming AQSH dollaridan qariyb 90 mln AQSH dollari yig‘ib olgani haqida aytib chiqqan edi. O‘sha kunning o‘zida Migratsiya agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i, Andijon viloyatida tug‘ilgan, Migratsiya agentligining Koreyadagi vakolatxonasi rahbari lavozimida faoliyat olib borgan 35 yoshli Azizbek Toshtemirov Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgani ma’lum bo‘ldi. U 2025 yilning mart oyida turli qonunbuzarliklar uchun ishdan bo‘shatilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, qidiruvdagi Toshtemirov ijtimoiy tarmoqlar orqali ochiq bayonotlar bilan chiqib, korrupsion “sxema” boshida Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev turganini iddao qilib, u bilanligi aytilgan yozishmalar, audiolarni ilova qildi. Agentlik ushbu iddaolarni rad etdi, ayni vaqtda tekshiruv ketayotganini bildirdi. Hozirgacha Toshtemirovning ayblovlariga nisbatan Bosh prokutura ham, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham, boshqa tashkilotlar ham munosabat bildirgani yo‘q. Iyul oyining oxirlariga kelib, Toshtemirovning nomi Interpol qidiruvidan shubhali tarzda g‘oyib bo‘ldi, huquq-tartibot organlari esa buning sabablarini ochiqlamadi.
Farishtali, sarishtali hokimlar
Bizning hokimlar sarishtali. Bizning hokimlar farishtali. Bizning hokimlarning 10 barmog‘ida 10 mahorat. Ular hamma narsani eplaydi. She’r o‘qishni, qo‘shiq aytishni, sport bilan shug‘ullanishni, hatto, qaynonasi koyimay, qozon-tovog‘ini tekshirmay qo‘ygan kelinlarni “rovno” qilib qo‘yishni qotirishadi. Eng qizig‘i, shularga vaqt topishadi. Biri tandir qur deydi, ikkinchisi buz deydi. Boshqasa uyma uy yurib, ro‘zg‘orni taftish qilib, sharmandali xonadon, sharmandali uy bekalarini qidiradi. O‘choq boshida qozonning qachon yuvilganiyu tovoqdagi yog‘ izi qaysi ovqatning yuqi ekanini tekshiradi. Muslatgich toza bo‘lmasa, o‘z ro‘zg‘orini namuna qilib ko‘rsatadi. Bunaqasi qayda bor? Bunaqasi bizda bor, bizda bori hech qayerda yo‘q. Kunduzi chiroq yoqib topolmaysiz bunaqa hokimlarni. Hafta voqealari tahlilini yakunlar ekanman, katta shov-shuvlarga va kulgularga, mazax qilishga sabab bo‘lgan, ayrim mansabdorlarning saviyasi, fitrati darajasini ko‘rsatib qo‘ygan qozon-tovoq reydiga ko‘p to‘xtalmayman, bu haqida alohida dastur tayyorlaganmiz, uni YouTube’dagi kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin. Faqat aytar gapimiz shu, hokimlar saylanmas ekan, ularning bunday xurmacha qiliqlari davom etaveradi.
Live
BarchasiTibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi
28 avgust
Maktablarda qamrov 78 foizga oshirildi
28 avgust