Harbiy xizmatchilarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi taqiqlanmoqda
Jamiyat
−
02 dekabr
4764O‘zbekiston Qurolli kuchlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident joriy yilning 29 noyabr kuni imzolagan qonuni bilan ayrim qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Unga ko‘ra, Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jangovar shayligi va xizmat faoliyati samaradorligi yanada oshiriladi. Xususan, qonun bilan O‘zbekiston Qurolli kuchlarida va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmatni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olishga, qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlardan, preferensiyalar yoki afzalliklardan o‘z xizmat mavqei bilan bog‘liq holda foydalanishga doir taqiqlar belgilanmoqda.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining jangovar va ma’naviy salohiyatini oshirishga e’tibor yanada kuchaytirilishini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr