Har kuni o‘lim bilan kurashgandik – Shavkat Mirziyoyev Kogondagi portlashlarni yodga oldi
Jamiyat
−
29 aprel 2020
11944Xabaringiz bor, 27 aprel kuni respublikaga Turkmaniston hududidan kirib kelgan kuchli shamol Buxoro viloyatida uy-joylar, avtotransport vositalari, infratuzilma ob’ektlari va ekin maydonlariga zarar yetkazdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu tabiiy ofat oqibatlarini ko‘zdan kechirish, zarur chora-tadbirlarni belgilash hamda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish maqsadida bugun Buxoro viloyatiga bordi.
Viloyatda eng ko‘p zarar ko‘rgan Olot va Qorako‘l tumanlarini vertolyotdan kuzatib, Olot tumani markazida hudud faollari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Olot tumanining Turkmanistonga eng yaqin joylashgan mahallalaridan birining oqsoqoli so‘zga chiqdi va tuman aholisining tabiiy ofatdan keyingi kayfiyati haqida gapirdi.
“Odamlarda ishonch bor. Odamlar Kogon voqeasini eslayapti. Kogonda ahvol bundan ham yomon bo‘lganida Shavkat Mirziyoyev shu yerda o‘tirib, qisqa vaqtda yangi Kogonni qurib bergandi. Olotning hozirgi ahvoli o‘sha Kogon oldida hech narsa emas”, dedi oqsoqol.
Shavkat Mirziyoyev oqosoqolning bu so‘zlariga munosabat bildirib, Kogonda “har kuni o‘lim bilan kurashish”ga to‘g‘ri kelganini yodga oldi.
“Kogonda bo‘lgan voqealar... Kogonda biz har kuni o‘lim bilan kurashgandik. O‘shanda ham eson-omon chiqib ketib, yo‘qotishni kamaytirib, yangi Kogon shahrini qurishni boshlaganmiz. Kogonning sharoitini hech eslatib bo‘lmaydi. Ilohim u kunlar kelmasin. Odamlar vahimaga tushmasin”, dedi Shavkat Mirziyoyev Kogon voqeasini xotirlab.
Eslatib o‘tamiz, tabiiy ofat natijasida Buxoroda 31 kishi jabrlanib, bir kishi halok bo‘ldi. Bunan tashqari, ko‘plab ob’ektlarga va aholi xonadonlariga zarar yetdi.
Ma’lumot uchun, 2008 yil 11 iyulga o‘tar kechasi Kogonda joylashgan harbiy qismning raketa-artilleriya omborxonasida yong‘in chiqib, keyinchalik davomli portlashlarga sabab bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, 21 kishi tan jarohati olgan. Portlashlar oqibatida o‘nlab ko‘p qavatli uylar zarar ko‘rgan, bir necha bino to‘liq yonib ketgan.
Voqeadan bir hafta o‘tib Kogonga Prezident Islom Karimov tashrif buyurgan. U sovet davrida qurilgan qurol-aslaha ombori bunday ob’ektlar uchun belgilangan normativ talablarga javob bermaganini ta’kidlab, Mudofaa vazirligini bu yerdagi qurol-aslahalarning saqlanishiga yetarlicha e’tibor qaratmagani uchun tanqid qilgandi.