Har qanday shaxsni uning roziligisiz suratga olish taqiqlanishi mumkin
Jamiyat
−
15 mart
2973Endilikda umumiy qoida tariqasida har qanday kishini foto yoki video tasvirga olish yoki ushbu tasvirdan foydalanish uchun uning roziligi talab qilinishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan tegishli qonun loyihasida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, insonlarning tasvirga bo‘lgan huquqini mustahkamlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan milliy huquqni qo‘llash amaliyoti va 30 ga yaqin xorijiy davlatlar tajribasi tahlil qilinib, tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgan hamda aholi fikrini o‘rganish maqsadida jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilgan.
Loyihaga ko‘ra, endilikda umumiy qoida tariqasida, har qanday kishini foto yoki video tasvirga olish yoki ushbu tasvirdan foydalanish uchun uning roziligi talab qilinadi.
Shu bilan birga, loyihada quyidagilar belgilanmoqda:
- 16 yoshdan boshlab o‘smirlar ularni tasvirga olish, tasvirdan foydalanish uchun mustaqil rozilik bera oladi;
- jamoat joylarida va ommaviy tadbirlarda tasvirga olish uchun ruxsat talab qilinmaydi;
- davlat xizmatchilarini xizmat vazifasida cheklovsiz tasvirga olish va tasvirdan foydalanish mumkin;
- noqonuniy harakatlarni tasvirga olish uchun rozilik shart emas;
- videokuzatuv tizimlari haqida ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilishi shart;
- kishilarning qisman yoki to‘liq kiyimsiz bo‘lishni taqozo etadigan joylarda (tibbiyot xonasi, hammom, kiyim almashtirish xonalari va boshqa) videokuzatuvni amalga oshirish taqiqlanadi.
- Agar tasvirdan rozilik berilgan maqsaddan boshqa maqsadda yoki inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan tarzda foydalanilsa, rozilik chaqirib olinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun bilan O‘zbekistonda huquq-tartibot xodimlari xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda foto va videoga olib, ularni obro‘sizlantiradigan tarzda buzib tarqatganlar bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha jarimaga yoki 10 sutkagacha qamoq jazosiga tortilishi belgilangan edi.
LiveBarchasi