Qozog‘iston ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

Olam

image

Qozog‘iston hukumati tomonidan 16 yoshdan kichik bo‘lgan foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda bugun, 26 avgust kuni mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ma’lum qildi.

“Ijtimoiy tarmoqlar, raqamli platformalar, sun’iy intellekt va agressiv marketing bolalarning dunyoqarashiga oila va maktabdan kam bo‘lmagan darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘sib kelayotgan avlodning psixologik farovonligi, emotsional barqarorligi va axloqiy tarbiyasi allaqachon milliy xavfsizlik hamda mamlakatning barqaror rivojlanishining muhim omillariga aylandi.

2018 yilda qabul qilingan “Bolalarni ularning sog‘lig‘i va rivojlanishiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun zamonaviy voqelikda qayta ko‘rib chiqishni va jiddiy o‘zgartirishlar kiritishni talab qilmoqda. Hukumat tomonidan 16 yoshdan kichik bo‘lgan foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi (iyun oyida Parlamentga kiritilgan)”, deydi Qozog‘iston rahbari.

To‘qayev Qurultoyning birinchi sessiyasi ochilishida deputatlarga ushbu masalani ko‘rib chiqishni taklif qilishini qo‘shimcha qilgan.

“Zotan, ko‘plab ilg‘or mamlakatlar tomonidan shunga o‘xshash qadamlar allaqachon qo‘yilgan. Menimcha, biz ham oqibatlarni bartaraf etishdan bolalarning psixologik holatiga tahdid soluvchi omillarning oldini olishga o‘tishimiz lozim, aks holda bu jamiyatdagi barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Hukumat bolalarni himoya qilish maqsadida kontentni filtratsiya qilish bo‘yicha choralar ko‘rishi kerak. Bir qator ma’lum va yetarlicha xolis sabablarga ko‘ra faqat ota-onalarning mas’uliyatiga tayanib bo‘lmaydi. Shu sababli axborot immunitetini ta’minlay oladigan majburiy bolalar SIM-kartalarini joriy etishni kengaytirishni topshiraman”, deydi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing