Ukrainada “Qizaloq va maymoq”ni ko‘rish taqiqlandi

Olam

image

Ukraina “Qizaloq va maymoq” multserialini yaratish va tarqatishga aloqador besh nafar rossiyalik hamda to‘rtta tashkilotga qarshi sanksiya joriy qildi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Sanksiyalar multserialni ishlab chiqaruvchi “Animakkord” studiyasi, uning asoschisi va bosh direktori, shuningdek, ssenariy muallifi, rejissyori va prodyuseri, serialning hammuallifi hamda multfilm huquqlari egasiga nisbatan qo‘llangan. Sanksiyalar 10 yil muddatga joriy etilgan.

Ukraina tomoni multserial bolalar kontenti ko‘rinishida Rossiyaga xayrixoh g‘oyalar va qarashlar tarqatishini va bu mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid solishini bildirgan.

Ukraina Madaniyat vaziri Tatyana Berejnaning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar multserial kontentini mamlakat hududida bloklash hamda Netflix va YouTube kabi xalqaro platformalarga ushbu shaxslar bilan hamkorlikni to‘xtatish, kontentni monetizatsiya qilish va tarqatishni cheklash bo‘yicha murojaat qilish uchun huquqiy asos yaratadi.

Ma’lumot uchun, “Qizaloq va maymoq” rus xalq ertagi asosida yaratilgan bo‘lib, qizaloq va maymoqning boshidan kechiradigan sarguzashtlari haqida hikoya qiladi. Multserial YouTube tarixidagi eng mashhur animatsion loyihalardan biri hisoblanadi. Multserialning “Qizaloq plyus bo‘tqa” (“Masha plyus kasha”) nomli yetti daqiqalik epizodi 4,6 milliarddan ortiq marta tomosha qilingan. Loyiha YouTube’dagi eng ko‘p ko‘rilgan animatsion videolardan biri sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga ham kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning kuzida Ukraina Oliy Radasida Milliy politsiya sanksiyalar joriy etilgan taqdirda “Qizaloq va maymoq” multserialining mamlakatda namoyish etilishini cheklashga tayyor ekani bildirilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing