Hammani uzr so‘rab chiqishini yaxshi ko‘radigan IIVga munosib javob bo‘ladi – Deputat

Jamiyat

image

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga “Avtotransport vositasining sug‘urtasi yo‘qligi yoki texnik ko‘rikdan o‘tmaganligi tufayli jarima maydoniga qo‘yish amaliyotini bekor qilish haqida” joylangan murojaat 10 mingdan ortiq ovoz to‘pladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ushbu petitsiyaga o‘z munosabatini bildirdi. U murojaat hozirda Oliy Majlis qo‘mitalaridan birida ko‘rib chiqilayotganini aytib o‘tgan.

“Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablari buzilgan holatlarda BHMning bir baravaridan uch baravarigacha jarima qo‘llanilishga hamda qoidabuzarlik bartaraf etilguncha  transport vositalari vakolatli organ tomonidan ushlab turilishiga  sabab bo‘ladi. Lekin majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan transport vositalarini jarima maydonida ushlab turish ko‘zda tutilmagan.

Xalqaro tajribada ham shunga o‘xshash amaliyotni uchratish mumkin. Ko‘plab davlatlarda (Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH va Germaniya) transport vositasini sug‘urta polisisiz boshqarish katta miqdordagi jarimaga sabab bo‘ladi. Shuningdek, agar lozim topilsa, YPX xodimlariga transport vositasini jarima maydonida ushlab turish huquqi ham berilgan. 

Lekin O‘zbekistondan farqli ravishda bu mamlakatlarda sug‘urta tizimi juda samarali ishlashini unutmaslik lozim. Ya’ni yo‘l transport hodisasi sodir etilib, haydovchiga, transport vositasiga yoki uchinchi shaxs va uning mulkiga yetkazilgan moddiy va jismoniy zarar sug‘urta kompaniyalari tomonidan to‘liq qoplab beriladi. Bizda esa sug‘urta polislari, umuman sug‘urta tizimi amalda ishlamasligi hech kimga sir emas. Shu bois, portalga fuqaro tomonidan joylashtirilgan murojaat asosida qonunchilikka tegishli o‘zgartirish kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Qo‘shimcha tarzda, yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari YONIDA bo‘lmagan haydovchilarning javobgarligiga oid normani (MJtK 135-modda) ham qayta ko‘rib chiqish lozim. Bunda haydovchiga yonida bo‘lmagan, unutib qoldirilgan hujjatlarni ma’lum bir muddat davomida, deylik 3 kun ichida vakolatli organga taqdim etsa, haydovchiga nisbatan jarima yoki javobgarlik qo‘llamaslik amaliyotini joriy etish to‘g‘ri bo‘ladi.

Umid qilaman, Oliy Majlisning mas’ul qo‘mitasi yuqoridagi murojaat yuzasidan tez orada o‘zining ijobiy xulosasini taqdim etadi hamda qonunchilikka tegishli o‘zgartirish kiritilishiga erishiladi. Bu esa tanqidni suymaydigan, hammani uzr so‘rab chiqishini yaxshi ko‘radigan IIVga jamoatchilik va parlament tomonidan munosib javob bo‘ladi”, deya fikr bildirgan deputat G‘aniyev.

Eslatib o‘tamiz, kecha “Qalpoq” va “Sho‘rdanak” hajviy ko‘rsatuvi ijodkorlari Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari haqidagi ko‘rsatuvlari uchun kechirim so‘rashgandi.


Maqola muallifi

Teglar

sug'urta Doniyor G'aniev

Baholaganlar

562

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing