G‘azodagi zulm va mazlum, O‘zbekistonda qolib ketgan Putin, narxi oshayotgan sug‘urta – Hafta tahlili
Tahlil
−
01 iyun
9681Bu qiz falastinlik. U chamasi 4-5 yoshda va G‘azodagi Kamol Advan shifoxonasidan qochyapti. Isroil armiyasi uning uyiga bomba tashladi. Qiz, uning onasi va boshidan jarohatlangan singlisi shifoxonaga ham hujum qilishlaridan, o‘lib ketishlaridan qo‘rqib qochyapti. Ular yahudiy davlatining nafratidan, vahshiy hujumidan, shafqatsizligidan qochyapti. Ular qo‘l qovushtirib turgan dunyodan qochyapti. Ular huquq, erkinlik deb, bong urayotganlarning quloqni qomatga keltiradigan ovozlaridan qochyapti. Qizning qo‘liga qarang, tutgani sizu bizning bolamiz kabi o‘yinchoq emas, singlisining bo‘tqasi va tagligi. Buning nomi nima, bilasizmi? Bu G‘azodagi bolalik.
Bu hafta G‘azoda qurbon bo‘lgan bolalar soni 16 mingga yetdi. Bundan chiqdi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi 6-moddasidagi asosiy shart yashash har bir bolaning ajralmas huquqi ekani haqidagi gap lofmi? Yoki bu modda faqat G‘arb mamlakatlaridagi bolalarga tegishlimi? Boshqa bolalarning, hatto, yashashga ham haqqi yo‘qmi?
“Hammaning ko‘zi Rafahda”
Rafah G‘azo sektorida Misr bilan chegaradosh shahar. G‘azoda Isroilning dahshatli hujumlari boshlanganida Rafah xavfsiz hudud deb e’lon qilingandi. 2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘azo sektorining 2,3 million aholisidan 1,9 millioni uy-joyini tark etgan. Ko‘chirilganlarning aksariyati Rafahga yo‘l olgan. Ammo surbetlarcha Falastinni egallab olayotgan, millionlab odamlarning qonini to‘kishga chog‘langan Isroil bu safar chorasiz qochoqlarga ham achinmadi, Rafah shimoli-g‘arbidagi Tal as-Sulton hududidagi chodir lageriga hujum qildi. Oqibatda 45 falastinlik halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida ayollar va bolalar ko‘p.
Tal as-Sulton hududiga hujum Jabaliya va Nuseyrat qochqinlar lagerlari hamda G‘azo shahrining bombardimon qilinishi bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi. 24 soat ichida kamida 160 kishi halok bo‘ldi.
Bu voqeadan keyin ijtimoiy tarmoqlarda “Hammaning ko‘zi Rafahda” chellenji boshladi. Dunyoning turli burchaklaridagi minglab foydalanuvchilar Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va AQSH Prezidenti Jozef Baydenning qo‘li qonga botgan suratini bo‘lishdi.
Xo‘sh, Gitlerga tenglashtirilayotgan Netanyaxuning o‘zi Rafahga hujum haqida nima dedi? “Shunchaki baxtsiz hodisa”. Siz bu javobga, Isroildek davlat adashib qochoqlar, nochor odamlar ustiga raketa tashlashiga ishonasizmi? Bu ham yetmagandek, u barcha maqsadlarga erishilmaguncha urushni tugatish niyatida emasligini aytdi.
Uning aytishicha, Isroil tinch aholini himoya qilish uchun barcha mumkin bo‘lgan ehtiyot choralarini ko‘rib, mojaroga aloqador bo‘lmaganlarga zarar yetkazmaslik uchun harakat qilmoqda. Agar Isroil shunchalik mehribon va shafqatli bo‘lsa, nega urush boshlangandan beri o‘tgan 238 kun ichida 36 ming begunoh odamning qoni to‘kildi? Nega 80 mingdan ortiq kishi jarohat oldi? Afsuski, bu savollarga javob beradigan odam yo‘q.
Nomi ulug‘ BMTning Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa Isroil armiyasining G‘azo sektori janubidagi Rafah shahridagi chodir lageriga uyushtirgan va o‘nlab falastinliklarning hayotiga zomin bo‘lgan zarbasini qoralashdan, zo‘ravonliklarni to‘xtatishga chaqirishdan nariga o‘tolmayapti.
“Men bu halokatli mojaroda boshpana izlayotgan ko‘p sonli begunoh fuqarolarning o‘limiga olib kelgan Isroilning harakatlarini qoralayman. Bu dahshat to‘xtatilishi kerak”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Jahon tashkiloti rahbari G‘azoda birorta ham xavfsiz joy qolmaganini qo‘shimcha qilgan.
Bunga javoban, Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro BMTni G‘azo sektoriga tinchlikparvar kuchlarni yuborish uchun aniq chora ko‘rishga chaqirdi. U X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Isroilni qoralovchi va Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi xabarlarni chop etdi. Xususan, Prezident 28 may kuni e’lon qilgan postida Isroilning Rafahdagi “ommaviy qotilliklari” davom etayotganiga e’tibor qaratgan.
Kuba Prezidenti Migel Diaz Kanel Isroilni Rafahda odamlarni tiriklayin yoqib yuborganlikda aybladi.
“Rafahdagi vayron qilingan lagerlar insoniyatga qarshi qilingan eng katta vahshiylikdir. Genotsid to‘xtatilishi uchun yana qancha odam o‘lishi kerak? Kuba Isroilni qoralaydi va Falastin bilan birdamlikni kuchaytirishga chaqiradi", deydi Prezident.
Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati esa Rafahga hujum AQSH Prezidenti Jo Baydenning Isroilga nisbatan qizil chizig‘ini buzgan yoki yo‘qligini tekshirmoqda.
Zarbadan bir necha kun oldin Oq uy xodimlari Isroilning ko‘p sonli tinch aholi qurbonlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun Rafahda harbiy operatsiya o‘tkazish rejalariga sezilarli ta’sir ko‘rsata olganiga ishonchi komil edi. Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan o‘tgan hafta Isroildagi yahudiy hukumatining yuqori martabali amaldorlari bilan bo‘lajak Rafah operatsiyasini muhokama qilgan. Vashington ma’muriyatining ko‘plab xavotirlari Isroilning Rafah bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilgan rejalarida hisobga olingan. Sallivan operatsiyani qizil chiziqni kesib o‘tmasdan amalga oshirish mumkinligiga ishongan. Rafahga zarba berish Baydenga Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlariga nisbatan siyosatini o‘zgartirish uchun siyosiy bosimni kuchaytirishi mumkin.
Jeyk Sallivan voqeaga izoh berar ekan, Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi vakili jurnalistlarga Isroil rasmiylari G‘azo sektorida tinch aholi xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga majbur ekanini aytdi.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbining aytishicha, Isroil Rafahda qirg‘in qilayotgani yo‘q.
Shu hafta G‘azodagi voqealarga nisbatan eng keskin bayonot Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘andan bo‘ldi.
“Sizda odamiylikdan asar qolmadimi? Sizda vijdon yo‘qmi? Sizda rahm-shafqat yo‘qmi? Sizda hech qanday qiymat, chegara, had va hudud yo‘qmi? Siz insoniyatga shunchalik dushmanmisiz? Qalbingizda zarracha ham mehr yo‘qmi? Qasam ichamanki, yer yuzidagi hech bir din bu vahshiylikni qonuniylashtira olmaydi. Hech bir e’tiqod, hech bir mafkura, qanchalik buzuq bo‘lmasin, begunoh go‘dakning boshini yulib tashlashni yoki begunoh fuqarolarni o‘z chodirlarida kuydirib o‘ldirishni oqlamaydi, oqlay olmaydi”, deydi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘anning qo‘shimcha qilishicha, G‘azodagi genotsid Yevropada demokratiya, inson huquqlari, so‘z erkinligi, matbuot erkinligi, ayollar va bolalar huquqlari nobud bo‘layotganining namunasidir. Bundan buyon hech bir yevropalik chiqib, demokratiya, inson huquqlari, so‘z va matbuot erkinligi haqida takabburlik, barmoq ishorasi bilan homiylik timsolida gapirmasin. Chunki Isroil G‘azoda insoniyatni o‘ldirmoqda.
“Butun dunyo bemor, manyak, ruhiy xasta Netanyaxu degan qon to‘kuvchi vampirning vahshiyligiga tomoshabin bo‘lib turibdi va ular buni jonli efirda ko‘rmoqda. Ey, Amerika davlati! Bu qon sizning ham qo‘lingizda. Siz hech bo‘lmaganda Isroil kabi bu genotsid uchun javobgarsiz. Ey, Yevropa davlat va hukumat rahbarlari! Siz ham Isroilning genotsidi, vahshiyligi va vampirizmida ishtirok etgansiz. Chunki siz sukut saqladingiz”, deydi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘anning kuyunib aytishicha, Isroil G‘azoda genotsidni davom ettirar, xalqaro huquqni pisand qilmas va boshqalar bunga tomoshabin bo‘lishda davom etarkan, yahudiy davlatining bosqini faqat G‘azo bilan yakun topmaydi. Aksincha, hozir va bundan buyon hech bir davlat o‘zini xavfsiz sanamasligi kerak. Ayniqsa, Turkiya.
“Ey, Birlashgan Millatlar Tashkiloti! XXI asrda jonli efirda butun insoniyat tomosha qilayotgan genotsidni to‘xtata olmasangiz, siz nima ishga yaraysiz? Agar dunyo kelajagi besh davlatning ixtiyoriga qo‘yilgan bo‘lsa, buncha mablag‘ sarflab, shuncha odamni ish bilan ta’minlagan o‘sha ulkan binolarning nima keragi bor? Birlashgan Millatlar Tashkiloti genotsidni to‘xtatish u yoqda tursin, hatto o‘z xodimlarini yoki yordam guruhini himoya qila olmadi. G‘azoda nafaqat insoniyat, balki Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham o‘z ruhi bilan birga halok bo‘ldi.
Shu yerdan Islom olamiga bir necha so‘z aytmoqchiman: umumiy qaror qabul qilish uchun nimani kutyapsiz? Ta’sir o‘tkazish uchun yana nimalar bo‘lishi kerak? G‘azo ko‘chalarida shahidlarning jasadlarini itlar yemoqda. Isroillik terrorchilar musulmonlarning uylariga kirib, ularning yotoqxonasidan suratlarni bo‘lishmoqda. Musulmon bolalar shifoxonada o‘ldirilmoqda. Chaqaloqlarning boshi olinmoqda. Odamlarni chodirlarda yoqib yuborishmoqda. Bularni qachon ko‘rasiz? Qachon munosabat bildirasiz? Qachon yig‘ilib, qat’iy pozitsiyani egallaysiz? Islom hamkorlik tashkiloti qachon bu vahshiyliklarga qarshi samarali, to‘xtatuvchi siyosat olib boradi? Islom olami falastinlik birodarlarining haqqini, huquqini va hayotini qachon himoya qiladi?”, deydi Erdo‘g‘an.
Bu mavzuga hozircha yakun yasayotib, shu haftadagi yana bir bayonotni eslab o‘tsak. Isroil Milliy Xavfsizlik Kengashi rahbari Saxi Xanegbi Isroil jamoat radiosiga bergan intervyusida Isroilning G‘azo sektorida dahshatli bosqini yil oxirigacha davom etishi mumkinligini aytdi. Uning bayonoti o‘t ochishni to‘xtatish chaqiriqlari fonida yangradi.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken esa shu hafta Moldovaga tashrifi chog‘ida Isroil urushdan keyingi rejani “imkon qadar tezroq” ishlab chiqishi kerakligini va bunday rejaning yo‘qligi xaosga olib kelishi mumkinligini bildirdi.
Putinning O‘zbekistonga tashrifi
Tugayotgan haftada O‘zbekiston uzoq va shonli tayyorgarlikdan so‘ng Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni kutib oldi. Bu Putinning 2022 yil sentyabrdan buyon O‘zbekistonga birinchi marta kelishi. Putin kelguncha shahar ko‘chalari chinnidek yarqiradi, Putin yuradigan yo‘llarga asfalt yotqizildi, yo‘l belgilari chizildi, belgilardan asfalt bo‘lmagan yo‘llar ham bebahra qolmadi. Qurilishi bitmagan binolarning fasadiga ularning tayyor holi aks etgan klyonka yopildi, daraxtlar oqlandi, gullar ekildi. Shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirildi, hatto, viloyatlik haydovchilardan Toshkentga kelmay turish so‘raldi.
26 may kuni quyosh botganda kelgan Putinni aeroportda Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi kutib oldi.
Asosiy tadbirlar 27 may kuni bo‘lib o‘tdi. Putin “Ko‘ksaroy”da tantanali kutib olindi. Uchrashuvni tor doiradagi muloqotdan boshlagan Prezidentlar ortidan kengaytirilgan tarkibda muloqot qildi.
Unda tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar, hududlar, jamoatchilik, ekspertlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi. Yaqin istiqbolda savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazish reja qilindi.
Putin mamlakat hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun Rossiya Federatsiyasida munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishiga va’da berdi. U O‘zbekiston fuqarolaridan o‘z vatanlariga pul o‘tkazmalari O‘zbekiston iqtisodiyoti, mamlakatning turli hududlaridagi oilalar uchun jiddiy yordam bo‘lishiga umid qilmoqda.
“Rossiya hukumati biz bilan ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolariga munosib mehnat sharoitlari va ijtimoiy himoyani ta’minlash uchun barcha zarur ishlarni qilmoqda va qiladi, biz migratsiya sohasidagi barcha dolzarb masalalar bo‘yicha O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikni davom ettiramiz”, deydi Rossiya Prezidenti.
Putinga ko‘ra, Rossiya O‘zbekistonga uglevodorodlarni ishonchli yetkazib beruvchi mamlakat hisoblanadi. Rossiya Federatsiyasining neft va gazi Markaziy Osiyo respublikasi iqtisodiyotining barqaror ishlashiga imkon beradi.
2023 yilning iyun oyida O‘zbekiston “Gazprom” bilan yiliga 2,8 milliard kubometr – kuniga 9 million kubometr gaz sotib olish bo‘yicha ikki yillik shartnoma tuzgandi. 2023 yilning dekabr oyida Toshkentning iltimosiga binoan rus kompaniyasi gaz yetkazib berishni ikki baravarga oshirdi. Gaz Qozog‘iston hududi orqali tranzit holda “Markaziy Osiyo – Markaz” quvuri orqali yetkazib beriladi. 2026 yildan boshlab Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzit hajmi to‘rt baravarga oshib, yiliga 11 milliard kub metrgacha yetishi kutilmoqda. Shuningdek, tashrif bahonasida Rossiyadan O‘zbekistonga elektr energiyasi eksporti ham oshirilishi aytildi.
Shuningdek, kelishuvlarga ko‘ra, Moskva va Toshkent rus tilini o‘rganish sohasida akademik almashinuv va hamkorlikni faollashtirish niyatida. Prezidentlar o‘rtasida imzolangan bayonotda aytilishicha, O‘zbekistonda rus tili va rus tilidagi fanlarni o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish davom etadi. Toshkentda Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiallari ochiladi.
Ana endi keldik tashrifning asosiy xabariga. “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachevning tashrif yakunida ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda shu yil yozida kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi boshlanadi.
“Rosatom” kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha birinchi eksport shartnomasini imzolash orqali o‘zining inkor etib bo‘lmaydigan global yetakchiligini tasdiqladi va bu shunchaki dastlabki kelishuv emas, biz shu yozda qurilishni darhol boshlaymiz”, deydi Lixachev.
“Rosatom” davlat korporatsiyasining muhandislik bo‘limi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi huzuridagi “AES qurilishi direksiyasi” davlat unitar korxonasi o‘rtasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Loyiha O‘zbekistonning Jizzax viloyatida Rossiya loyihasi bo‘yicha quvvati 330 MVt – har biri 55 MVt quvvatga ega oltita reaktor bo‘lgan atom elektr stansiyasini qurishni nazarda tutadi. Stansiya qurilishida “Rosatom” bosh pudratchi sifatida ishlaydi, qurilishda mahalliy kompaniyalar ham ishtirok etadi.
Prezidentlar tashrifning asosiy tadbirlari tugagach, “Ko‘ksaroy” qarorgohidagi mehmonlar xiyobonida ko‘chat ekdilar. Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga bordilar.
Shu kuni “G‘alaba bog‘i”ga Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ham bordi. Ha, darvoqe, u ham Putin bilan oldinma-ketin O‘zbekistonga kelgandi. Uni Prezident Mirziyoyevning to‘ng‘ich kuyovi Otabek Umarov aeroportda kutib oldi. Keyin Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Qodirov Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvida ham qatnashdi. Uning sharafiga dasturxon yozildi. “G‘alaba bog‘i”da esa unga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov hamrohlik qildi.
Putinga kelsak, uning tashrifi avval boshidan ikki kun, 26-27 mayda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Biroq, Vladimir Vladimirovich O‘zbekistonda yana bir kun qolib ketdi. Keyinroq uning OAV ko‘zidan birdan g‘oyib bo‘lishi sabablari tushuntirildi. Putinning tashrifi uch kunga cho‘zilgan va u Mirziyoyevning uyida mehmon bo‘lgan.
Shu tariqa Putinning O‘zbekistonga tashrifi yakunlanib, u o‘z yurtiga jo‘nab ketdi. Uni aeroportda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi. Darvoqe, Putin ketish oldidan doimgidek o‘zi bilan kelgan jurnalistlar davrasida bo‘ldi va Toshkentdan turib Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning legitimligiga shubha bildirdi. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz.
“Baxti Tashkentskiy” sudi bekor qilindi
Jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va uning jinoiy sheriklariga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish 29 may kuni Shayxontohur tuman sudida boshlanishi aytildiyu, negadir sud bekor qilindi.
Avvaliga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Baxtiyor Qudratullayev boshchiligida jami 30 dan ortiq kishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish) va 165-moddasi (tovlamachilik), shuningdek, boshqa moddalar bilan ayblanayotganini ma’lum qilgan edi. Biroq, sudga yuborilgan materiallarda Qudratullayevga qo‘yilayotgan ayblovlar anchayin ko‘p.
Bular – O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “g” bandi, 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi, 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 1-qismi, 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” va “v” bandlari, 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” va “v” bandlari, 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a” va “b” bandlari, 3-qismi, 242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish) 1-qismi, 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 276-moddasi (Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” va “b” bandlari, 277-modda (Bezorilik) 2-qismi “b” va “v” bandlari.
Ayblanayotganlar orasida Qudratullayevning ikki o‘g‘li va akasi ham bor.
To‘ng‘ich o‘g‘il – 1994 yilda tug‘ilgan Bekzod Qudratullayevich Zafarov Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “v” bandi, 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “v” bandi bilan ayblanmoqda.
Kenja o‘g‘il – 27 yashar Ixtiyor Qudratullayev esa Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, “v” bandi bilan ayblanmoqda.
“Baxti Tashkentskiy”ning akasi – 1966 yilda tug‘ilgan Shuhrat Zaparovich Qudratullayev Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” va “v” bandlari bilan ayblanmoqda.
Jinoyat ishi doirasida jami 40 kishiga nisbatan ochilgan ish hujjatlari ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Toshkentda o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida qo‘lga olingan “Buzruk” nomi bilan tanilgan Buzruk Akmalovich Buzrukovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida ko‘rib chiqilyapti.
U Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “b”bandi, 4-qismi “a”bandi, 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Sud jarayoni 7 may kuni boshlangan.
O‘zbekistonda transport vositalarini majburiy sug‘urta qilish narxi oshdi
Haydovchilar diqqatiga! Instagram’ga oid trend tili bilan aytganda, hozir men aytadigan yangilikni yaxshilab eshitib olish mumkin, ammo meni so‘kish mumkinmas. O‘zbekistonda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha 2019 yilda tasdiqlangan sug‘urta narxi oshishi kutilmoqda.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligining tushuntirishicha, sug‘urta tarifi miqdorini qayta ko‘rib chiqishga ikkita sabab bor.
Birinchisi, so‘nggi yillarda sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta tovonlarini o‘z vaqtida to‘lanmayotgani hamda to‘lanishi mumkin bo‘lgan maksimal miqdor avtotransportga yetkazilgan zararlarni qoplashga yetarli bo‘lmayotgani bo‘yicha transport vositalari egalarining murojaatlari soni ortib bormoqda.
Ikkinchisi, tahlillarga asosan 2019 yilda tasdiqlangan 56 ming so‘mlik sug‘urta mukofoti miqdori sug‘urta tashkilotlari uchun zararlarni qoplashga yetarli bo‘lmagani sababli turli xil yo‘llar bilan to‘lovlar kechiktirib kelinmoqda.
Shuningdek, 2019 yildan boshlab barqaror belgilangan 40 mln so‘m sug‘urta summasi yo‘l-transport hodisalarida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar bo‘yicha xarajatlarini yetarli darajada qoplashga imkon bermay qolgan.
Agentlikning jon kuydirib aytishicha, respublikada belgilangan sug‘urta puli va sug‘urta mukofoti hozirda yaqin qo‘shni davlatlar hamda chet el davlatlar bilan solishtirganda eng kam ko‘rsatkichni tashkil etadi.
Xo‘sh, siz nima deysiz, sug‘urtaning narxi oshishi kerakmi?
24 yoshli mahkum o‘z joniga qasd qildi
Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan 6-sonli Jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tab kelgan 24 yoshli mahkum o‘z joniga qasd qildi. Garchi hodisa joriy yilning 23 may kuni sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, to bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ijtimoiy tarmoq orqali xabar bermaguncha, huquq-tartibot organlari voqeaning isini chiqarmay o‘tirdi.
Tashanovga ko‘ra, marhumning onasi o‘g‘lining tanasida qiynoq izlari borligi, u 11 may kuni uyiga qo‘ng‘iroq qilib, qamoqxonada unga azob berishayotgani haqida aytganini ochiqlagan. Qolgan oila a’zolari ham marhumning o‘z joniga qasd qilishiga ishonmagan.
Ushbu xabardan keyin Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati holat nazoratga olinganini aytib chiqdi. Menda esa boshqa savol tug‘ilyapti: voqea 23 may kuni sodir bo‘ldi. Xo‘sh, Ombudsman nega bu haqda bong urmadi? Nega bir hafta, Tashanov bu haqida ijtimoiy tarmoqda gapirib chiqmagunicha sukut saqlandi? Qamoqxonadagi o‘lim holati ombudsmandan yashirildimi yo ombudsman buni jamoatchilikdan yashirdimi?
Bosh prokuratura esa murdani ko‘zdan kechirish davomida bo‘yin sohasida strangulyatsion egatdan tashqari boshqa tan jarohatlari aniqlanmaganini bildirdi. Ayni vaqtda Pop tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilmoqda.
Prokuraturaning bayonotidan ko‘p o‘tmay, Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganish natijalari e’lon qilindi. Unda aytilishicha, marhum koloniya ishlab chiqarish korxonasi hududidagi g‘isht ishlab chiqarish sexi hududining orqa tarafidagi temir ustunga polietilen ip yordamida o‘zini osib, o‘z joniga qasd qilgan.
Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning Samarqand viloyatida yashovchi oila a’zolari, jumladan, ota-onasi va uning turmush o‘rtog‘i bilan suhbatlashgan. Ular xabarlarda tarqalgan ko‘rsatmalarini tasdiqlagan.
Marhum Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish bilan sudlangan.
Rossiya “Tolibon”ni tan olmoqchi
Tugayotgan haftada Rossiya Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari mamlakat Prezidentiga “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkinligi haqida ma’lumot kiritdi.
“Tolibon”ni tan olishdan oldin uni taqiqlangan ro‘yxatdan olib tashlash shart. Busiz tan olish haqida gapirishga erta bo‘ladi. Shuning uchun bu masalani o‘rganish davom etmoqda. Barcha mulohazalar Rossiya oliy rahbariyatiga taqdim etilgan. Qaror qabul qilinishini kutmoqdamiz”, deydi TIV Osiyo bo‘yicha departamenti direktori Zamir Qobulov.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko‘ra, “Tolibon” harakatini Rossiyada taqiqlangan terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish tashabbusi uning Afg‘onistonda haqiqiy kuchga ega ekanligi bilan bog‘liq. Bu haqda
“Ular haqiqiy kuchdir. Afg‘oniston bizga befarq emas. Bu esa, ayniqsa, Markaziy Osiyodagi ittifoqchilarimizga befarq emas. Demak, bu jarayon voqelikni anglashni aks ettiradi”, deydi Lavrov.
Putin esa Rossiya “Tolibon” harakatini tan olish masalasida Markaziy Osiyodagi hamkorlarining fikrini inobatga olishini aytdi. U bu haqda Toshkentda o‘tkazgan matbuot anjumanida so‘z ochgan. U “Tolibon” harakati bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish zarurligini aytarkan, ayni vaqtda toliblar Afg‘onistonni nazorat qilayotganini alohida urg‘uladi.
“Afg‘onistonda muammolar bor, ularni inkor etib bo‘lmaydi, ular hammaga yaxshi ma’lum. Hozirgi hukumat bilan munosabatlarni qanday yo‘lga qo‘yish masalasi – alohida savol. Lekin biz uni qandaydir yo‘l bilan qurishimiz kerak, ular mamlakatni, uning hududini boshqarayotgan odamlar, ular bugun Afg‘onistonda hokimiyat tepasida”, deydi Putin.
BMT Xavfsizlik Kengashi 2003 yilda “Tolibon”ni terrorchi tashkilot deb tan olgan. O‘sha yili Rossiya “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan edi. Biroq, ekspertlarning fikricha, aslida, Xavfsizlik Kengashida bunday ro‘yxat yo‘q – faqat tashkilotning muayyan sanksiyalari ostida bo‘lgan odamlar va guruhlar bor, xolos.
BMT Rossiyaga javoban, “Tolibon” harakati tomonidan qurilgan amaldagi hukumatga nisbatan avvalgi yo‘nalishga amal qilishini, mamlakatning amaldagi rahbariyati bilan aloqada bo‘lishini aytib chiqdi.
“Biz Afg‘oniston masalasida avvalgi yo‘lda davom etamiz, ya’ni de-fakto afg‘on hukumati rasmiylari bilan ular kabi o‘zaro aloqadamiz. Biz, shuningdek, afg‘on xalqiga ko‘proq insonparvarlik yordamini talab qilishda davom etamiz”, deyiladi Tashkilot bayonotida.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbining aytishicha, Qo‘shma Shtatlar esa “Tolibon”ni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olish niyatida emas. Uning aytishicha, Rossiyaning “Tolibon”ni tan olishi boshqalarga yomon signal beradi.
AQSHning qarashlariga ko‘ra, “Tolibon” hokimiyatga kelganida bajarishga va’da bergan hech bir majburiyatni bajarmadi. Mamlakatda inson huquqlari, ayniqsa, ayollarning ta’lim olish huquqi, matbuot va so‘z erkinligi doimiy ravishda toptalmoqda. “Tolibon” xalqaro hamjamiyatga bergan va’dalarining ustidan chiqmagan.
AQSH Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o‘tkazmoqda – Putin
Putin Toshkentdagi matbuot anjumanida ko‘plab mesejlar berdi. Uning aytishicha, G‘arb davlatlari, xususan, AQSH Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o‘tkazmoqda, ularni tiz cho‘ktirishga harakat qilmoqda.
“Markaziy Osiyo mintaqasiga ham bosim o‘tkazilganini bilamiz. Ammo men hali hamma tiz cho‘kib, chet eldan kelgan har qanday buyruqni ko‘r-ko‘rona bajarishga tayyorligini ko‘rmayapman”, deydi Putin.
Shu bilan birga, Rossiya Prezidenti amerikaliklar va yevropaliklar Rossiya Federatsiyasining mintaqadagi hamkorlariga zarar yetkazadigan ma’lum harakatlarni sodir etishlarini tan oldi.
Uning qayd etishicha, Qo‘shma Shtatlar aldangan nohukumat tashkilotlaridan foydalanib, zaif mamlakatlar aholisining ongini manipulyatsiya qilmoqda. Hukumat kuchli bo‘lgan mamlakatlarda chet eldan kelgan dag‘dag‘alarga parvo qilinmaydi.
“Albatta, davlatlar zaif va o‘zlariga ishonchlari yo‘q. Ayniqsa, Amerikaning qo‘lidan oziqlanadigan o‘nlab nodavlat notijorat tashkilotlari mavjud bo‘lgan mamlakatlarda mahalliy aholi ongini manipulyatsiya qilish, amaldagi hokimiyatga bosim o‘tkazish osonroq”, deydi Rossiya Prezidenti.
Putin so‘zida davom etarkan, nega O‘zbekistonga qiziqib qolgani, u bilan bog‘liq manfaatlariga ham to‘xtalgan. Uning bildirishicha, O‘zbekiston o‘zining rivojlanish sur’ati va siyosiy barqarorligi bilan Rossiya sarmoyasi uchun qiziqish uyg‘otadi. U O‘zbekiston oldidagi geografik muammolarni yechishga yordam berishi mumkinligini qayd etgan.
“O‘zbekistonning muammolari borki, bu uning dengizga, okeanga chiqish imkoniyati yo‘qligidadir. Biz ham mintaqadagi boshqa hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekistondagi do‘stlarimizga ushbu logistika muammosini hal qilishda yordam berish uchun choralar ko‘rishimiz mumkin”, deydi u.
Putinga ko‘ra, O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi barcha uchun o‘zaro manfaatli bo‘lishi mumkin, ammo bu Toshkentning suveren tanlovi bo‘lishi kerak. Uning qayd etishicha, O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishidan nafaqat tashkilot, balki mamlakatning o‘zi ham foyda ko‘radi.
“Agar O‘zbekistondek iqtisod qo‘shilsa, tashkilot bundan faqat foyda ko‘radi, deb o‘ylayman. O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham foyda kerak. Ishtirok etish yoki qatnashmaslik har qanday suveren davlatning tanlovidir”, deydi Rossiya rahbari.
Putin O‘zbekistonga safarini yakunlab, ortiga qaytishi bilanoq uning Oltoy o‘lkasidagi Onguday tumanida joylashgan qarorgohidagi binolardan biri deyarli butunlay yonib ketdi.
Mahalliy blogerlarning yozishicha, turarjoy hududida to‘silgan o‘rmon maydonlari bo‘lgan fermer xo‘jaligi va nasldor bug‘u boqish fermasi mavjud. Putin bu hayvonlarning shoxlari ekstrakti bilan vanna qabul qilishi aytiladi. “Proyekt” nashrining yozishicha, protsedura yurak-qon tomir tizimining faoliyatini yaxshilaydi va terini yoshartiradi.
LiveBarchasi