AQSH fuqarolarini zudlik bilan Belarusni tark etishga chaqirdi
Olam
−
13:59
9309AQSH Belarus uchun tashrif buyurishning to‘rtinchi – eng yuqori xavf darajasini belgilab, fuqarolarini darhol ushbu mamlakatni tark etishga va u yerga safarlardan qochishga chaqirdi. Bu haqda Davlat departamentining tegishli bayonoti e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, Vashington ushbu tavsiyalarni Belarus hukumatining mahalliy qonunlarni qasddan qo‘llash, hibsga olish xavfi, potensial fuqarolik tartibsizliklari bilan izohlagan. Shuningdek, Davlat departamenti Belarusga safar qilishni tavsiya qilmaslikning sabablari orasida Minskning Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llab-quvvatlashi keltirilgan. Shuningdek, Belarusda yashovchi AQSH fuqarolariga yordam ko‘rsatish imkoniyatlarining cheklangani ham ta’kidlangan.
Ma’lumot uchun, 2022 yil fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng AQSH Davlat departamenti Minskdagi elchixonaning faoliyatini “keyingi bildirishgacha” to‘xtatgan. Bir yil o‘tib, AQSH hukumati o‘z fuqarolarini mamlakatni darhol tark etishga chaqirgan. Shuningdek, Belarusda bo‘lib turgan amerikaliklarga boshqa bir mamlakatdagi AQSH elchixonasi yoki konsulligiga murojaat qilish tavsiya etilgan.