Hamir uchidan patir. AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalarning ilk “paket”ini e’lon qildi

Olam

image

AQSH Rossiyaning suveren qarzlari, bir nechta bank va kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda Prezident Jo Bayden e’lon qildi. Moliya vazirligi esa sanksiya joriy qilinayotgan banklar va shaxslar haqida ma’lumot berdi.

“Kecha Putin Ukrainaning ikki viloyatini mustaqil davlat sifatida tan oldi. <...> Menimcha, u ko‘proq hududni egallash uchun mantiqiy asos yaratmoqda. Oldinga borish uchun. Bu Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining boshlanishi”, degan Bayden Vashingtondagi matbuot anjumanida.

Cheklovchi choralar bugun, 23 fevraldan kuchga kiradi. Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, ular Kreml siyosatining korrupsion xavfiga va dardiga sherik bo‘lgan Rossiya elitasi vakillari va ularning oila a’zolariga ta’sir qiladi.

Bundan tashqari, Rossiyaning ikkita yirik moliyaviy institutiga - VEB va harbiy bankka qarshi to‘liq blokirovka qiluvchi sanksiyalar ko‘zda tutilgan.

Amerika yetakchisining ta’kidlashicha, bu sanksiyalarning birinchi paketi, Ukraina atrofida inqiroz kuchaygan taqdirda yangilari ham bo‘ladi.

Baydenning ta’kidlashicha, AQSH Rossiya bilan urush qilish niyatida emas, lekin Vashington va uning ittifoqchilari NATO hududining har bir qarichini himoya qilishlari va o‘z majburiyatlarini bajarishlari haqida aniq signal yubormoqchi.

AQSH Prezidenti, shuningdek, Estoniya, Latviya va Litvani mustahkamlash uchun Yevropaga qo‘shimcha Amerika kuchlari yuborilishini e’lon qilib, diplomatiya hali ham mavjud degan umidda ekanini bildirgan.

Bundan tashqari, AQSH ma’muriyati Germaniya bilan hamkorlikda Rossiyaning “Shimoliy oqim 2” gaz quvuri ishga tushirilmasligi uchun harakat boshlagan.

Amerikaning cheklovlari VEB, Promsvyazbank, ularning 42 ta sho‘ba korxonalariga ta’sir qiladi va Promsvyazbank sho‘’ba korxonasiga tegishli beshta kema ham bloklanadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh

Baholaganlar

459

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing