HAMASning hujumi oqibatida uch nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi – Isroil TIV
Olam
−
16 Oktabr 2023
12603Isroildagi qurolli to‘qnashuvlar oqibatida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, to‘rt nafari bedarak yo‘qoldi. Bu haqda Isroil TIV ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 15 oktyabr holatiga ko‘ra, Isroilda 148 nafar xorij fuqarosi halok bo‘lgan, 143 nafari bedarak yo‘qolgan.
Mazkur vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi. Bizga ma’lum qilinishicha, Isroildagi O‘zbekiston elchixonasiga fuqarolar halok bo‘lgani haqida hech qanday ma’lumot kelib tushmagan. Bildirilishicha, elchixona xodimlari hozirda Isroil TIV va tegishli idoralari bilan birgalikda vaziyatga oydinlik kiritishga harakat qilmoqda. Isroil hukumatiga tegishli so‘rovlar yuborilgan va elchixona hukumat vakillaridan javob kutyapti.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 2750 kishi halok bo‘lgan, 9700 kishi jarohatlangan. G‘arbiy sohilda esa 58 odam o‘lgan, 1250 kishi yaralangan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar soni 1,3 ming kishini tashkil etadi. 351 nafar odam esa shifoxonaga joylashtirilgan.
LiveBarchasi