HAMASning Isroilga zarbasi xalqaro maydonda qanday aks-sado berdi?
Olam
−
07 Oktabr 2023
22599Bugun, 7 oktyabr kuni HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi bosqichda Isroil pozitsiyalariga 5000 ta raketa va minomyot o‘qlari bilan zarba berilgan. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshlaganini ma’lum qildi.
Yaqin Sharqda boshlangan ushbu mojaroga xalqaro miqyosda munosabatlar bo‘lmoqda.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli G‘azo sektoridan uyushtirilgan hujumlarni qoralab, Isroilning o‘zini himoya qilishga huquqi borligini ma’lum qildi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroildagi mojaro tomonlarini vazminlik ko‘rsatishga va mintaqadagi keskinlikni kamaytirishga chaqirdi.
“Isroilda sodir bo‘layotgan voqealarni hisobga olib, biz barcha tomonlarni bosiqlikka va keskinlikning kuchayishiga olib keladigan harakatlardan qochishga chaqiramiz”, degan Erdo‘g‘an.
General Rahim Safaviy falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
"Eron oliy rahbarining maslahatchisi, general Rahim Safaviy “Biz Falastin va Quddus ozod qilinmaguncha falastinliklarni qo‘llab-quvvatlaymiz”, deya bayonot bergan.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi esa Isroilga qarshi davom etayotgan terror hujumlarini keskin qoralashini ma’lum qilgan. Jumladan, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham "Isroil shubhasiz himoyalanish huquqiga ega"ligini ta’kidladi.
"Kimki terrordan foydalansa, u tinchlikka qarshi jinoyat qilibdi", degan u.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Falastin va Isroil tomonlarini zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.
Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos "Falastin xalqi o‘zini terrorizm va ishg‘olchi kuchlardan himoya qilishi kerak"ligini bildirgan.
LiveBarchasi