HAMAS Isroilning yangi shartlarni rad etdi
Olam
−
16 avgust
5454Qatarning Doha shahrida kecha, 15 avgust kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda HAMAS Isroil tomonidan ilgari surilgan yangi takliflarni qabul qilishdan bosh tortdi. Bu haqda SNN xabar berdi.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, HAMAS G‘azo urushida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilishga qaratilgan Dohadagi muzokaralar chog‘ida ilgari surilgan taklifda Isroildan yangi shartlarni qabul qilishdan bosh tortgan. Dohadagi yig‘ilishda ishtirok etgan manbalarga ko‘ra, Isroilning “yangi” shartlariga Misr bilan chegara bo‘ylab G‘azoda qo‘shinlarni saqlash kiradi.
HAMAS esa to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish, anklavdan butunlay chiqib ketishni, ko‘chirilganlarning ortga qaytishini va garovga olinganlar bo‘yicha kelishuvni talab qilmoqda.
“Yig‘ilishda Qatar, Misr va Qo‘shma Shtatlar G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish va HAMAS tomonidan garovga olingan qolgan isroilliklarni ozod qilish mumkin bo‘lgan kelishuvni amalga oshirish rejasini taqdim etishi kutilgan edi. Kelishuv 2024 yilning may oyida AQSH Prezidenti Jo Bayden tomonidan taklif qilingandi. Ammo hal qilinmagan kelishmovchiliklar hal qilinishi noaniqligicha qoldi”, deya yozgan nashr.
Bu Yaqin Sharqda Eronning Isroilga ehtimoliy hujumiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda sodir bo‘ldi va 2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘azoda halok bo‘lganlar soni 40 ming kishiga yetdi. Muzokara vakillari kelasi hafta Misrning Qohira shahrida kelishuvni yakunlash uchun qayta yig‘ilishlari kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar Qatarning Doha yoki Misrning Qohira shahrida bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Sal o‘tib HAMAS Qatardagi G‘azoda sulh tuzish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha yangi muzokaralarda qatnashmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi