Halokovning chempionlik jangi muddatidan oldin yakunlandi
Sport
−
05 Oktabr 2023
7686Bugun, 5 oktyabr kuni boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abdumalik Halokov Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tayotgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri Shaxzod Shukurov xabar berdi.
Uning ma’lum qilishicha, -57 kilogramm vazn toifasida Yaponiya vakili Shudan Haradaga qarshi finalda to‘qnash kelgan Halokov 3 raundga mo‘ljallangan jangning 2-raundida raqibini texnik nokaut evaziga taslim etishga erishgan.
U jang davomida raqibini ketma-ket 4 marta nokdaun holatiga tushirib qo‘ydi va yaponiyalik murabbiylar shogirdining salomatligini o‘ylagan holda ringga oq sochiq uloqtirishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa o‘zbekistonlik bokschi o‘yinlardagi ilk ishtirokini chempionlik maqomida yakunladi.
Aytish joiz, birozdan so‘ng boks bo‘yicha +92 kilogramm vaznda O‘zbekiston sharafini himoya qiluvchi Bahodir Jalolov qozog‘istonlik asosiy ta’qibchilaridan biri Kamshibek Konkabayevga qarshi final bahsida ringga ko‘tariladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Olimpiada va Jahon chempioni Hasanboy Do‘stmatov Tailand vakili Titisan Panmotga qarshi kechgan final bahsida 5:0 hisobida g‘alabaga erishgan holda faoliyatidagi ilk Osiyo o‘yinlari chempionligini qo‘lga kiritgan edi.
LiveBarchasi