Halok bo‘lgan harbiylarning oilasiga beriladigan imtiyozlar ko‘payadi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazining halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga imtiyoz va kafolatlar beriladi. Bu haqda bugun, 13 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda so‘z borgan. 

Hujjat bilan 2023 yil 1 maydan boshlab harbiylar oilasining mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta’minotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilandi.

Oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.

Eng muhim jihat shuki, endi oilalar belgilangan tartibda turar joyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turar joy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlanadi.

Qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) turar joy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibiga muvofiq uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlarini olish huquqi saqlab qolinadi.

Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush o‘rtog‘i va qaramog‘ida bo‘lgan ota-onasidan biriga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi tatbiq etiladi (mulkida turarjoy bo‘lmagan taqdirda).

Shunindek, 2023 yil 1 iyundan boshlab halok bo‘lgan harbiy xizmatchining farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha ta’lim olishi ta’minlanadi.

Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining ota-onalariga yiliga ikki marta temir yo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi.

Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining oila a’zolariga:

•  ushbu halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xizmatni o‘tagan mas’ul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolinadi. Shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi;

•  yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi;

•  navbatdagi yillik mehnat ta’tilidan qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, yiliga ikki haftagacha muddatga ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til olish huquqi beriladi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev harbiylar Farmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing