Prezident Farmoni: Halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolariga imtiyozlar beriladi
Jamiyat
−
13 mart 2023
8965Prezident Shavkat Mirziyoyev “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmonni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazining halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga imtiyoz va kafolatlar beriladi.
Xususan, 2023 yil 1 apreldan boshlab halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim)ning oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida beriladi.
Halok bo‘lgan harbiy xizmatchi oilasiga davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida sug‘urta summasi BHMning 200 baravari miqdorida to‘lanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan summadan oshmagan holda) mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila a’zolariga har oy to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi berildi.
LiveBarchasi