Haftaning dramatik yakuni: Italiya va Argentina tengsiz, Konor esa Trampning ko‘z o‘ngida “sindi”
Sport
−
12 iyul 2021
15925O‘tgan hafta sport olamida eng muhimlaridan biri bo‘ldi. Futbol bo‘yicha Yevropa chempionati va Amerika kubogining final uchrashuvi, tennis bo‘yicha katta dubulg‘a turkumiga kiruvchi “Uimbldon” turnirining final o‘yini hamda MMA sportidagi azaliy raqiblar Dastin Pore va Konor Makgregorning trilogiya jangi o‘rin olgan UFC 264 musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Ularning barchasi kecha, 11 iyul kuni o‘tkazildi va sport muxlislari uchun o‘ziga xos bayram sifatida qabul qilindi.
Dunyo reytingi yetakchilariga atalgan — “Uimbldon”
London shahrida joriy yil 21 iyunidan 11 iyuliga qadar “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “Uimbldon” turniri bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning eng kuchli raketka ustalari g‘oliblik uchun bahs olib borishdi. Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda jahonning birinchi raqamli tennis malikasi avstraliyalik Eshli Barti finalda chexiyalik Karolina Plishkovani uch setda 6:3, 6:7, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Erkaklar o‘rtasidagi yakkalik bahslari kutilganidek, jahonning birinchi raketka ustasi, serbiyalik Novak Jokovichning g‘alabasi bilan yakunlandi. U finalda italiyalik matteo Berrettini ustidan to‘rt setda 6:7, 6:4, 6:4, 6:3 hisobida mag‘lub etib. Mavsumdagi uchinchi “Ulkan toj” turkumiga kiruvchi musobaqada zafar quchdi va umumiy 20 sovrinini qo‘lga kiritdi. Bu ko‘rsatkich evaziga Rafael Nadal (Ispaniya), hamda Rojer Federer (Shveysariya) bilan tenglashib oldi. Mavsumning to‘rtinchi yirik musobaqasi “AQSH ochiq chempionati” qanday o‘tishini tasavvur qilish qiyin emas.
Musobaqa g‘oliblari 2000 reyting ochkosi va 2 300 000 dollardan ziyod pul mukofotiga ega bo‘ldilar.
Raqibning bo‘ynini uzib olmoqchi bo‘lgan Konorni zambilda olib ketishdi
MMA sportining eng nufuzli promousheni — UFC o‘zining raqamli musobaqalari orqali dunyoning eng tomoshabop voqeligiga aylanib ulgurdi. UFC 264 turniri shov-shuvli voqealarga boy bo‘ldi. Butun dunyoda o‘z muxlislariga ega bo‘lib ulgurgan sport turiga dunyoning mashhur insonlari ham befarq emas. Masalan AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp ushbu jang kechasida qatnashdi. Albatta, muxlis sifatida.
Yengil vazn toifasining birinchi raqamli sportchisi, amerikalik Dastin Pore ikki vazn toifasida UFC sobiq chempioni, dunyoning eng badavlat sportchilaridan biri, Konor Makgregorni birinchi raunddayoq texnik nokautga uchratdi. Makgregor, jangdan avval Porening oilasini va o‘zini xaqoratlagan edi. “Daymond” esa o‘zini ancha sokin tutdi.
Ko‘pchilik mutaxassislar dastlabki raundda Konorning ustunlik qilishini, keyingi 5 daqiqaliklarda esa Poreda imkoniyat ko‘proq ekanligini ta’kidlashgan edi. Biroq Dastin barcha tahminlarni yo‘qqa chiqardi. Daslabki daqiqalardanoq faollikni oshirdi. Parter holatida, raqibini ancha holsizlantirdi. Qo‘l va oyoq bilan doimiy zarbalar berdi. “Notorius” asosan “lou-kik”lar bilan ishladi. Raund tugashiga 10 soniya qolganida, Dastinning zarbasidan so‘ng ortga chekingan Konor muvozanatni yo‘qotdi. Gong chalingach, irland sportchisining oyog‘i golenostop qismidan singanligi ma’lum bo‘ldi.
Tamom. Dastin uchinchi jangga kelib hisobda oldinga chiqib oldi va Chempion Charlz Oliveyraga qarshi jang qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Makgregor eng kamida bir yil jang qila olmaydi. So‘nggi xabarlarga ko‘ra u 3,5 soat davomida operatsiya qilingan.
“Messi ertagi”ni yaxshilik bilan yakunlagan Kopa Amerika
So‘nggi besh yil ichida to‘rtinchi bor o‘tkazilinayotgan Amerika Kubogi musobaqasi bu yil aynan Yevro-2020 boshlanish vaqtiga to‘g‘ri keldi va, afsuski, ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolib ketdi. Ko‘pchilik buni musobaqa tashkilotchilarining marketing jihatdan no‘noqligida ayblasa, boshqalar Amerika qit’asida Yevropadagichalik raqobat uyushtirib bera oladigan terma jamoalar soni ko‘p emasligini vaj qilib ko‘rsatmoqda. Lekin nima bo‘lganda ham, individual muxlislar uchun ancha qiziq voqealarga boy o‘tgan turnir mantiqiy chiroyli yakunlandi.
Argentina hamda Braziliya kutilganidek, finalga yetib keldi va o‘yin taqdirini Di Mariyaning 22-daqiqada urgan yagona goli hal qildi. Shu tariqa, terma jamoasi bilan hali birorta sovrin qo‘lga kirita olmagan Lionel Messi bu turnirni muvaffaqiyatli yakunladi va turnir “Oltin butsa”sini qo‘lga kiritdi. Braziliya esa ketma-ket 2-finalida maydonga tushib, qatorasiga 2-chempionligini qo‘lga kirita olmadi.
Yevro-2020: Italyancha hisob-kitob
Kutilganidek, sensatsiyalar, shov-shuvlar va dramatik o‘yinlar taqdim etgan Yevropa Chempionati finali ham butun musobaqa singari qiziqarli tarzda o‘tdi. Belgiya, Ispaniya, Avstriya singari jamoalarni turnirdan chiqarib yuborgan Italiya “Uembli”da Angliya terma jamoasini qabul qildi. O‘yinning ilk daqiqasidayoq Lyuk Shou raqib darvozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, 67-daqiqada Leonardo Bonuchchi palapartish vaziyatdan unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi. O‘yinning asosiy vaqtida g‘olib nomi aniqlanmagach, qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat qilindi. Yakunda esa barchasi penaltilar seriyasiga qoldi. “Lotoreya”da esa Angliya terma jamoasi Reshford, Sancho hamda Sakaning omadsiz zarbalari tufayli, g‘alabani qo‘ldan chiqardi — “skuadro adzurra” chempion!
Shu tariqa musobaqa o‘z yakuniga yetdi, turnir “Oltin butsa”sini Krishtianu Ronaldu (Portugaliya; bitta gol, bitta assist), “Oltin qo‘lqop”ini Jordan Pikford (Angliya; 5 ta quruq o‘yin) hamda “Eng yaxshi o‘yinchi” sovrinini Janluiji Donnarumma qo‘lga kiritdi. Musobaqa ko‘pchilikning xotirasida o‘chmas iz qoldirishi aniq.
Shu tariqa, ajoyib va unutilmas sport haftaligi o‘z nihoyasiga yetdi. Muxlislarni oldinda Tokio Olimpiadasi kutib turibdi.
LiveBarchasi