Hadeb malomat qilaversangiz, uyimni sotib bo‘lsa ham 2 milliardni to‘layman – Nazarbekov (video)
Madaniyat-san’at
−
16 avgust
85750Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov odamlar “Ovoz” loyihasiga ajratilayotgan mablag‘larni malomat qilaverishsa, o‘z uyini sotib, pullarni davlatga qaytarmoqchi. Bu haqda u bugun, 16 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Bir narsani to‘g‘ri tushuninglar, “The voice” yoki “Ovoz” loyihasining o‘zi yetarli bizga. Bu O‘zbekistonning imijini ko‘tarishga xizmat qiladi. Agar shuning uchun 2 mlrd ajratish jinoyat bo‘lsa, mayli, men roziman. O‘zbekistonning imiji uchun 76 ta davlatda eng top bo‘lib turgan, butun dunyodagi yagona musiqiy shouga ajratilgan 2 mlrd so‘mni malomat qilaversangiz, uyimni sotib bo‘lsa ham beraman shu pullarni”, dedi u.
Vazir Nazarbekov loyihaning xalqaro ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, qo‘shni davlatlardan unda ishtirok etish bo‘yicha takliflar tushayotganini qo‘shimcha qildi.
“Shu loyihaning O‘zbekistonga kirib kelganining o‘zi Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘zini ochib qo‘ydi. Hammasi menga telefon qilib, qachon biz ham qatnashamiz, deb so‘rayapti. Axir mamlakatning imiji uchun shu kerakmasmidi bizga? Bitta sportchi ham bir joyga borib yurtning imijini ko‘tarib, shu ishni qilyapti-ku aslida. Bu loyiha O‘zbekistonning talantlarini birdaniga xalqaro maydonga ko‘rsatib qo‘yyapti. Ularni 76 ta davlatda ko‘rishyapti. Ular O‘zbekiston degan davlatni xaritadan izlashga tushyapti. Qayerda u, deb so‘rayapti. Menga shu kerak edi. Bu brendning ovoza bo‘lgani kerak edi. Shu ko‘rsatuv orqali bizga Kubadan ham ishtirokchilar kelmoqda. Menga ishoninglar, bu respublikada iste’dodlarning yuzaga chiqishi uchun, imijni ko‘tarish uchun xizmat qiladigan loyiha”, dedi Nazarbekov e’tirozlarga javoban.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Madaniyat vazirligi loyiha uchun ajratilayotgan xarajatlar teleloyihani tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarning 30 foizini tashkil etishi haqida bayonot bergan edi.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi