Jazirama sabab ishxonalarda ishni cheklash kerak – Mehnat inspeksiyasi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda kuzatilayotgan issiq ob-havo munosabati bilan ish beruvchilarga ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiy choralar e’lon qilindi. Bu haqda Mehnat inspeksiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, issiq havo sharoitida ochiq maydonlarda ishlayotgan xodimlarda issiq urishi, suvsizlanish, hujayralar shikastlanishi hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ortadi.

Shu bois ish beruvchilar:

  • ish vaqtini jazirama sharoitiga moslashtirib, soat 11:00–16:00 oralig‘ida tashqi ishlarni qisqartirishi yoki to‘xtatishi;
  • eng issiq vaqtlarda og‘ir jismoniy mehnatni cheklashi;
  •  xodimlarni yetarli miqdorda ichimlik suvi bilan ta’minlashi;
  •  tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan xodimlarni ishga qo‘ymasligi;
  •  salqin dam olish joylarini tashkil etishi;
  • xodimlarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlashi;
  • issiq urishi va suvsizlanishning oldini olish bo‘yicha o‘qitish hamda yo‘riqnoma o‘tkazishi;
  • sog‘lig‘i yomonlashgan xodimlarga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatishi va zarurat bo‘lsa tibbiy yordam chaqirishi lozim.

Shuningdek, mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish tavsiya emas, balki ish beruvchining qonuniy majburiyati ekani ta’kidlangan. Qayd etilishicha, jazirama sharoitida zarur choralarni ko‘rmaslik xodimlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi, ish joyida baxtsiz hodisalar va og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida anomal issiq ob-havo sabab ko‘chalarga suv sepish va yashil hududlarni sug‘orish ishlari kuchaytirilgandi. Shuningdek, Toshkent metrosining yerusti yo‘nalishlarida poyezdlar harakat tezligi vaqtincha pasaytirilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing