Yana bir viloyatda bog‘chalar yopildi. Xodimlarning maoshi nima bo‘ladi?
Jamiyat
−
15 iyul 2721 2 daqiqa
Anomal issiq ob-havo sabab Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida ham maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi. Muassasa xodimlariga esa maoshining kamida uchdan ikki qismi miqdorida haq to‘lanadi.
Farg‘ona viloyatida kuzatilayotgan anomal issiq sabab 16–17 iyul kunlari viloyatdagi barcha davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Ma’lum qilinishicha, maktabgacha ta’lim tashkilotlari 2026 yil 20 iyul, dushanba kunidan boshlab odatiy tartibda o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatida ham anomal issiq ob-havo sharoiti sabab bir qator davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 18 iyul kuniga qadar vaqtincha yopiladi. Qaror Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlarining tavsiyasiga muvofiq, maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan.
Mutasaddilar ota-onalardan farzandlari salomatligiga alohida e’tibor qaratishni, ularni kunning eng issiq vaqtlarida uzoq muddat ochiq havoda qoldirmaslikni, yetarli miqdorda suyuqlik iste’mol qilishini ta’minlashni hamda imkoni qadar salqin joylarda bo‘lishlari uchun sharoit yaratishni so‘ramoqda.
Xodimlarning maoshi qanday to‘lanadi?
Mehnat kodeksining 266-moddasi (bekor turib qolingan vaqt uchun haq to‘lash)ga ko‘ra, ish beruvchiga va xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bekor turib qolingan vaqt uchun bekor turib qolingan vaqtga mutanosib ravishda hisoblangan tarif stavkasi (maoshi)ning kamida uchdan ikki qismi miqdorida haq to‘lanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy hafta oxirigacha jazirama kuchayib, havo harorati ayrim hududlarda 44 darajagacha ko‘tarilishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi. Jazirama sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga issiq ob-havo ta’siridan himoyalanish va salomatlikka e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar bergan.
Shuningdek, jazirama sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri va yana 8 tumanidagi bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi belgilandi. Keyinroq esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu choralar O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham vaziyatdan kelib chiqib joriy qilinishi mumkinligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Xorazm viloyatidagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilishi belgilandi. Shu bilan birga, Navoiy viloyatidagi ayrim bog‘chalar ham vaqtincha yopildi. Bundan tashqari, Buxoro viloyatida ham maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Live
Barchasi“Qo‘qon patiri” patentlandi
15 iyul