Elektr iste’moli rekordi yana yangilandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda anomal issiq ob-havo sharoitida elektr energiyasiga bo‘lgan talab oshib, sutkalik iste’mol hajmi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi. Joriy yilning 20 iyul kuni mamlakat yagona energetika tizimida elektr energiyasi iste’moli 301,9 mln kVt·soatni tashkil etdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich o‘tgan yil yozgi mavsumida qayd etilgan eng yuqori iste’moldan 29,3 mln kVt·soatga yoki 10,75 foizga yuqori bo‘lgan. Shuningdek, joriy yil 18 iyul kuni qayd etilgan avvalgi rekord ko‘rsatkichdan 7,5 mln kVt·soatga oshgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kuni tizimdagi maksimal quvvat kunduzgi eng yuqori yuklama vaqtida – soat 17:22 da 14,2 GVtga yetgan.

Bundan tashqari, 20 iyul kuni elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham rekord darajaga chiqib, 305,4 mln kVt·soatni tashkil qilgan. Bu 18 iyuldagi 297,1 mln kVt·soatlik avvalgi eng yuqori ko‘rsatkichdan 8,3 mln kVt·soatga ko‘p.

Vazirlikning qayd etishicha, yuqori harorat sabab elektr energiyasiga talab oshganiga qaramay, energetika tizimi iste’molchilarni uzluksiz elektr bilan ta’minlash uchun barqaror ishlagan.

Shu bilan birga, yuqori yuklama davrida elektr tarmoqlarida ayrim nosozliklar ham kuzatilgan. Energetika korxonalarining avariya-ta’mirlash brigadalari kuchaytirilgan tartibda ishlab, yuzaga kelgan nosozliklarni tezkor bartaraf etgan.

Xususan, Toshkent shahrining ayrim hududlarida vaqtinchalik elektr uzilishlari qayd etilgan. Jumladan, Olmazor tumanidagi Sebzor mavzesida 310 ta, Yakkasaroy va Chilonzor tumanlarida 1 500 ta, Yashnobod tumanida 350 ta hamda Chilonzor 1-mavzesida 300 ta iste’molchi qisqa muddatga elektr ta’minotidan uzilgan. Keyinchalik barcha hududlarda elektr ta’minoti tiklangan.

Shuningdek, 21 iyul tongida Sergeli tumanidagi Xonabod va Sultonobod ko‘chalari hududida 280 ta, Olmazor tumanidagi Sebzor va Taxtapul ko‘chalari hududida esa 320 ta iste’molchi elektr ta’minotida uzilishlarga duch kelgan. Nosozliklar bartaraf etilib, elektr yetkazib berish qayta yo‘lga qo‘yilgan.

“Yuqori yuklamalar sharoitida energetika tizimi korxona va tashkilotlarining tezkor xizmatlari kuchaytirilgan tartibda faoliyat olib bormoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda joriy yilning 19 iyul kuni anomal issiq havo ta’sirida yagona energetika tizimining maksimal yuklamasi kechki eng yuqori soatlarda 13,8 gigavattga yetgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing