O‘zbekistonda elektr iste’moli rekordi yana yangilandi
Jamiyat
−
20 iyul 2422 2 daqiqa
O‘zbekistonda kecha, 19 iyul kuni anomal issiq havo ta’sirida yagona energetika tizimining maksimal yuklamasi kechki eng yuqori soatlarda 13,8 gigavattga yetdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, sutkalik elektr energiyasi iste’moli 291,8 million kilovatt-soatni tashkil etgan. Bu o‘tgan yil yozgi mavsumda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 19,2 million kilovatt-soatga yoki 7,04 foizga yuqori bo‘lgan.
Shuningdek, sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 295,4 million kilovatt-soatni tashkil etgan. Maksimal yuklama esa joriy yilning 18 iyulidagi ko‘rsatkichdan 100 megavattga yuqori bo‘lib, 13,8 gigavattga yetgan.
Vazirlikka ko‘ra, mazkur ko‘rsatkichlar anomal issiq havo sharoitida dam olish kunlarida ham elektr energiyasiga bo‘lgan talab yuqori darajada saqlanib qolayotganini hamda iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun energetika tizimi barqaror ishlayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, anomal issiq sabab O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli ketma-ket rekordlarni yangilab bormoqda. Xususan, joriy yilning 13 iyul kuni mamlakatda bir sutkada 281,5 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, iste’mol hajmi 278,6 million kilovatt-soatni tashkil etgan. 14 iyul kuni yagona energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 284 million kilovatt-soatga yetib, nafaqat yozgi, balki qishki eng yuqori ko‘rsatkichni ham ortda qoldirgan. 16 iyul kuni O‘zbekiston yagona energetika tizimida yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 291 million kilovatt-soatni tashkil etib, tarixiy rekord qayd etilgan. 17 iyul kuni sutkalik elektr energiyasi iste’moli 293,4 million kilovatt-soatni tashkil etib, navbatdagi rekord o‘rnatilgan. 18 iyul kuni esa dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, anomal issiq havo ta’sirida yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 294,4 million kilovatt-soatga yetib, yana bir rekord qayd etilgan.
Live
Barchasi