“Zaiflik belgisi”. Zelenskiy AQSH va Rossiyaning kelishuvini keskin qoraladi (video)
Olam
−
12:16 2479 3 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Prezidenti Donald Trampning Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan dizel yonilg‘isi yetkazib berish bo‘yicha kelishuviga keskin munosabat bildirdi. U Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishni “ochiq zaiflik belgisi” deb atadi. Bu haqda “Gazeta” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Zelenskiy Tramp ma’muriyatini Rossiyaning energetika sohasidagi hujumlarini to‘xtatishga qaratilgan o‘zaro kelishuv tuzishga chaqirgan. Ukraina rahbari bu haqda Tramp va Putin o‘rtasidagi telefon orqali muloqotdan keyin ma’lum qilingan kelishuvga munosabat bildirganida ta’kidlagan. Ushbu kelishuv Rossiyaga AQSH va jahon bozorlariga dizel yonilg‘isi yetkazib berish imkonini beradi.
Zelenskiyning fikricha, urushni tugatishga qaratilgan aniq qadamlar tashlanmasdan turib, Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni yumshatish jangovar harakatlarning cho‘zilishiga olib keladi va Moskva hukumatini yanada dadillashtiradi.
U Rossiya neft mahsulotlarini sotish orqali oladigan daromad urushni davom ettirishga xizmat qilishini bildirgan. Ukraina Prezidenti Rossiya dizel yonilg‘isi orqali oladigan foydasining evaziga “yanada ko‘proq terror va xiyonat bilan javob qaytarishini” aytgan.
Shuningdek, Zelenskiy Rossiya xalqaro bosimni kamaytirish uchun yopiq eshiklar ortida tuziladigan kelishuvlarga umid qilayotganini aytgan. U Yevropaning yaqinda rossiyalik oligarxlarga qarshi sanksiyalarni bekor qilish haqidagi qarorini ham eslatgan. Uning qayd etishicha, o‘sha qarordan keyin Rossiyaning hujumlari kamaymagan, aksincha, kuchaygan.
“Shundan beri Rossiya hujumlari va odamlarning azob-uqubatlari faqat ortdi”, degan Ukraina rahbari.
Zelenskiy Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishdan oldin ikki tomon o‘rtasidagi keskinlikni ochiq va uzoq muddatga kamaytirishni ko‘zda tutuvchi kelishuv bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
“Rossiya bilan keskinlikni ochiq va doimiy ravishda kamaytirishni nazarda tutuvchi kelishuvsiz unga qarshi sanksiyalarni yumshatish ochiq zaiflik belgisidir. Bu Rossiyaga foyda keltiradi: unga ko‘proq odamlarni o‘ldirish, urushni uzoqroq davom ettirish, Amerikani yanada kamroq hurmat qilish hamda dunyoga ko‘proq talafot va zarar yetkazish imkonini beradi”, degan u.
Zelenskiy AQSHning Moskva bilan bunday kelishuvga borishini ham tanqid qilgan. Uning aytishicha, Putinga beriladigan imtiyozlar tinchlik o‘rnatilishiga yordam bermaydi va butun dunyo uchun foyda keltirmaydi.
“Putinga beriladigan sovg‘alar tinchlik olib kelmaydi va sivilizatsiyalashgan dunyoga ham hech qanday foyda keltirmaydi. Rossiya dizel yonilg‘isi evaziga yanada ko‘proq terror va xiyonat bilan javob qaytaradi. Rossiyaga neft mahsulotlarini sotishga ruxsat berish tugatilishi kerak bo‘lgan urushga sarmoya kiritish demakdir. Holbuki, bu urushni uzaytirish kerak emas”, degan Ukraina Prezidenti.
U Rossiya bilan munosabatlarda keskinlikni haqiqatan ham kamaytirishga qaratilgan, o‘zaro manfaat va javobgarlik tamoyiliga asoslangan kelishuv zarurligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH, Ukraina va Yevropa davlatlari vakillari Ukrainadagi urushni qishgacha to‘xtatish bo‘yicha yagona reja ishlab chiqish va uni Rossiyaga taqdim etish masalasini muhokama qilgani haqida xabar berilgan edi. Tomonlar yaqin haftalarda umumiy taklifni kelishib olishni rejalashtirmoqda.
Live
Barchasi