Ukraina Rossiyaning Qora dengiz bo‘yidagi kurortiga hujum uyushtirdi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Rossiyaning Qora dengiz sohilidagi Gelendjik kurort hududiga Ukraina dronlari hujumi oqibatida 4 kishi, jumladan, bir nafar bola halok bo‘ldi. Hodisada yana 10 kishi jarohat oldi. Bu haqda Krasnodar o‘lkasi hokimiyati xabar qildi.

Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratevning aytishicha, hujum Gelendjik yaqinidagi Arxipo-Osipovka qishlog‘idagi fuqarolik infratuzilmasiga qaratilgan bo‘lib, sodir bo‘lgan voqeani u “fojia” deb atagan.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, dron bo‘laklarining tushishi natijasida qurbonlar soni 4 nafarga yetgan. Yana 10 kishi turli darajada jarohat olgan.

Gubernator topshirig‘i bilan voqea joyiga ofatlar tibbiyoti bo‘yicha ixtisoslashgan mutaxassislar guruhi yuborilgan. Ikki nafar katta yoshli fuqaro va bir bola shifoxonaga yotqizilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, mustaqil ravishda tasdiqlanmagan videolarda dron sohil hududiga kelib urilgani va shundan so‘ng kuchli portlash sodir bo‘lgani aks etgan.

Ukraina tomoni hozircha mazkur hodisa yuzasidan rasmiy izoh bermagan. Ukraina ham, Rossiya ham fuqarolarni ataylab nishonga olmasligini ta’kidlab keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Rossiyaning Belgorod shahridagi dronlar ishlab chiqiladigan universitetga zarba bergandi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing