To‘qayev Qurolli kuchlar Bosh shtabiga yangi rahbar tayinladi
Olam
−
11:58 1490 3 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Aytqurman Umarbekovni Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Respublika Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i etib tayinladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Kaspiy dengizi qirg‘oqlarida o‘tkazilgan harbiy mashg‘ulotlar chog‘ida 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganidan so‘ng Qozog‘iston Mudofaa vazirligidagi kadrlar o‘zgarishi davom etmoqda. Joriy yilning 24 sentyabr kuni idora ob-havoning keskin yomonlashishi va shamol kuchayishi sababli 17 nafar harbiy dengizchini dengizga oqizib ketgani, ulardan 14 nafari halok bo‘lgani, uch kishi qutqarib olinganini xabar qilgan edi.
“Davlat rahbarining farmoyishi bilan Umarbekov Aytqurman Jo‘lamanovich Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qozog‘iston Respublikasi Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i etib tayinlandi. U ilgari egallab turgan lavozimidan ozod etildi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.
Yangi tayinlovga qadar Umarbekov Davlat qo‘riqlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari – Maxsus topshiriqli kuchlar qo‘mondoni lavozimini egallab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kaspiydagi fojiadan so‘ng To‘qayev Xavfsizlik kengashi apparatiga Mudofaa vazirligi bilan birgalikda o‘n kunlik muddatda harbiy islohot rejasini taqdim etishni topshirdi. Prezident, shuningdek, qo‘mondonlik tizimini qayta qurish va byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirishni talab qildi. Shuningdek, Mudofaa vaziri Dauren Kosanov lavozimidan ozod etildi. Uning ortidan To‘qayev yana uch nafar yuqori lavozimli harbiy xizmatchini lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi.
Mang‘istaudagi fojia
Joriy yilning 24 sentyabr kuni Mang‘istau viloyatida Qozog‘iston Qurolli kuchlari Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan o‘quv-jangovar topshiriqni bajarish vaqtida Kaspiy dengizi sohilida meteorologik sharoitning keskin yomonlashishi va shamolning kuchayishi sababli harbiy xizmatchilar dengizga oqib ketgan.
Mudofaa vazirligi dastlabki ma’lumotlarida dengizga 19 nafar harbiy xizmatchi oqib ketganini bildirgan edi. O‘sha paytda 9 nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lgani qayd etilgan. Keyinroq, Mang‘istau viloyati hokimligi dengizga oqib ketganlar soni 17 nafar ekanini ma’lum qildi.
Harbiy xizmatchilar halok bo‘lganidan so‘ng hukumat komissiyasi tuzilgan, hodisa joyiga Bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozumbayev yuborilgan. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev harbiy xizmatchilarning halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan va fojiani tergov qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Bundan tashqari hodisa ortidan mamlakat Mudofaa vazirligining 5 nafar mansabdor shaxsi qo‘lga olingan.
Oqtovda Shahar kuni munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan bayram tadbirlari bekor qilingan. Qosim-Jomart To‘qayev 25 sentyabr kunini Qozog‘istonda umummilliy motam kuni deb e’lon qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev fojia munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Qozog‘iston xalqiga hamdardlik yo‘lladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan harbiylar ro‘yxatida 2006 yilda Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan Olmos Yusuf o‘g‘li Kobenov ham bor.
Live
Barchasi