Shveysariya Prezidenti iste’foga chiqishini e’lon qildi
Olam
−
20:04 187 2 daqiqa
Shveysariya Prezidenti Gi Parmelen hukumatdagi 11 yillik faoliyatidan so‘ng 2026 yil oxirida Federal kengashni tark etishini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 2 oktyabr kuni Berndagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Neue Zürcher Zeitung” nashrining yozishicha, Parmelen bu qarorini yoshroq avlodga o‘rin bo‘shatish istagi bilan izohlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatga, ayniqsa geosiyosiy qiyinchiliklar davrida yangi kuchlar kerak. Shu tariqa, siyosatchi Shveysariya Prezidenti lavozimidagi ikkinchi muddati yakunlangach, yil oxirida lavozimini tark etmoqchi.
Parmelen, shuningdek, iste’foga chiqish qarori uning salomatligi holati bilan bog‘liq emasligini bildirgan. U 2016 yildan beri Federal kengash tarkibiga kiradi, 2019 yildan esa Federal iqtisodiyot, ta’lim va tadqiqotlar departamentiga rahbarlik qilib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, Gi Parmelen – Shveysariya davlat va siyosat arbobi, Shveysariya Xalq partiyasi (SVP) a’zosi. U 1959 yil 9 noyabrda Vo kantonining Bursen shahrida tug‘ilgan. Mutaxassisligi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mutaxassisi va uzumchi hisoblanadi. Siyosiy faoliyatini mahalliy va kanton darajasidagi organlarda boshlagan, 2003 yildan 2015 yilgacha esa Shveysariya Milliy kengashi (parlament quyi palatasi) deputati sifatida faoliyat yuritgan.
2016 yilda Gi Parmelen mamlakatning oliy ijroiya organi – Shveysariya Federal kengashi (hukumati) tarkibiga saylangan. U 2016-2018 yillarda Mudofaa, aholini muhofaza qilish va sport federal departamentini, 2019 yildan buyon esa Iqtisodiyot, ta’lim va tadqiqotlar federal departamentini boshqarib kelmoqda. Bundan tashqari, Shveysariyadagi davlat rahbarining rotatsiya tizimiga muvofiq, Parmelen 2021 yilda mamlakat Prezidenti lavozimini egallagan bo‘lsa, 2026 yilda ikkinchi muddatga Shveysariya Prezidenti etib saylangan. Hukumatdagi 11 yillik faoliyati davomida u o‘zini vazmin va muvozanatli siyosatchi, ayniqsa turli inqirozli vaziyatlarni samarali boshqaruvchi rahbar sifatida namoyon etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich ikkinchi va so‘nggi besh yillik prezidentlik muddati tugashiga yetti oy qolganida iste’foga chiqqani, bu esa mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga yo‘l ochgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi