Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga jinsiy zo‘ravonlik uchun umrbod qamoq jazosini so‘radi
3-sahifa
−
11:10 3043 3 daqiqa
O‘zbekistonda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu tashabbusni Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva va Bolalar ombudsmani ilgari surdi.
“Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi!”, degan Shahnoza Mirziyoyeva.
Uning qayd etishicha, Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ul idoralar bilan birgalikda bir necha oy davomida qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar ustida ishlagan. Tayyorlangan takliflar ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan.
Shuningdek, agentlik tomonidan ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik qilmagani, pedagoglarning esa zo‘ravonlik va kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga tergov va sud jarayonining har bir bosqichida huquqiy yordam hamda himoya ta’minlash taklifi ilgari surilgan.
Bu borada Bolalar ombudsmani ham o‘z pozitsiyasini bildirgan. Uning qayd etishicha, shu kabi vaziyatlarda bolalarga nisbatan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish kabi og‘ir jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilishi lozim.
Bolalar ombudsmani bunday jinoyat oqibatida bolaga yetkaziladigan zarar va uning jamiyat uchun ijtimoiy xavfliligi odam o‘ldirishdan kam emasligini ta’kidlagan. Bola jismonan omon qolgan taqdirda ham, uning ruhiyati, bolaligi va kelajagi umrbod jarohatlanishi ta’kidangan. Mazkur pozitsiya Bolalar ombudmanining parlamentga kiritgan Maxsus ma’ruzasida ham tahlillar asosida bayon etilgani bildirilgan.
Ombudsman xorijiy tajribani ham misol keltirgan. Xususan, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K. M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgan. Mazkur holat bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga olgan.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 5 yashar qizni zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishini bildirgan edi. Namangandagi 5 yashar qizaloq bilan bog‘liq fojia ortidan uning oilasi boshqa shaharga ko‘chirilib, ularga uy-joy va zarur reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishi ham ma’lum qilingan.
Live
BarchasiPromis Devidni intervyu chog‘ida ari chaqib oldi
27 Sentyabr