Qaysi mamlakatlarda eng xavfli haydovchilar yashashi ma’lum bo‘ldi
Bu qiziq
−
13:51 4686 2 daqiqa
Italiya dunyodagi eng agressiv haydovchilar yashaydigan mamlakat hisoblanadi. Bu haqdagi so‘rovnoma natijalari “Euronews”da e’lon qilindi.
Yo‘llardagi xulq-atvor bo‘yicha yangi global tadqiqot natijalariga ko‘ra, dunyoda sayyohlar orasida eng mashhur bo‘lgan ayrim mamlakatlar ayni paytda avtomobil boshqarish uchun eng xavfli joylar bo‘lib chiqdi. G‘azab xurujlari, keskin manevrlar, boshqalarning yo‘lini kesib o‘tishlar va trassalardagi og‘zaki dahanaki janglar bir qator davlatlarda ommaviy hodisaga aylangan.
Italiya eng agressiv haydovchilar yashaydigan mamlakat hisoblanadi: so‘rovda qatnashgan haydovchilarning 23 foizi ushbu mamlakatda rulda kutilmagan yoki mas’uliyatsiz xulq-atvorga duch kelganini bildirgan. Ikkinchi o‘rinni Buyuk Britaniya egallagan: haydovchilarning 11 foizi u yerda agressiv munosabatga duch kelganini aytgan. Xususan, London eng ko‘p tilga olingan shaharlardan biri bo‘lgan.
AQSH uchinchi o‘rinni egallagan – 9 foiz, Fransiya va Avstraliya – 5 foizdan. Beshinchi o‘rinda respondentlarning 4 foizi Ispaniya yo‘llarida, yana 4 foizi esa Turkiyada agressiyaga ko‘proq duch kelganini ma’lum qilgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, yo‘llardagi agressiya o‘sishining asosiy sabablaridan biri avtomobil trafikining yuqori darajasi, tirbandliklar va xavfsiz harakatlanish madaniyatining yo‘qligi bo‘lib qolmoqda. Avtomobil egalari stress holatida bo‘lganida yoki kechikayotganida qo‘pol qoidabuzarliklarga va agressiv harakatlarga ko‘proq yo‘l qo‘yadi.
Yo‘llardagi g‘azabning eng ko‘p uchraydigan ko‘rinishlari qatorida respondentlar haqoratli imo-ishoralardan va avtomobil signalidan foydalanish, oynalardan baqirish va oldinda ketayotgan mashinaning bamperiga xavfli darajada yaqinlashishni sanab o‘tgan.
Ekspertlarning aytishicha, bunday mamlakatlarda turizmning yuqori darajasi ko‘pincha vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, chunki chetdan kelgan haydovchilar mahalliy infratuzilma bilan tanish emas. Mutaxassislar avtosayohatchilarni maksimal darajada ehtiyotkor bo‘lishga va xorijda yo‘llardagi mojarolarga aralashmaslikka chaqirmoqda.
Live
Barchasi