Infantino JCH tijoriy huquqlarini sotish rejasidan voz kechdi

Sport

image

FIFA prezidenti Janni Infantino Jahon chempionatining tijorat huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasidan voz kechganini ma’lum qildi. U, bu haqda o‘zining Instagram sahifasida e’lon qildi.

Avvalroq, FIFA futbol amaldorlarining keskin tanqidlari va tashkilot ichidagi kelishmovchiliklar sababli mazkur tashabbus bekor qilinganini xabar qilgan edi.

“Loyiha FIFA’ga a’zo assotsiatsiyalarini yanada mustahkamlash va sportimizni butun dunyo bo‘ylab, ayniqsa, qo‘llab-quvvatlashga eng ko‘p muhtoj bo‘lgan mamlakatlarda rivojlantirish uchun poydevor yaratishi kerak edi”, deb yozdi Infantino.

Uning ta’kidlashicha, loyiha faqat FIFA’ga a’zo assotsiatsiyalarining aksariyati qo‘llab-quvvatlagan taqdirdagina hamda FIFA Kengashi, konfederatsiyalar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng amalga oshirilishi kerak edi.

“Barcha fikrlarni diqqat bilan tinglagandan so‘ng, biz ushbu tashabbus shunchalik katta kelishmovchiliklarga sabab bo‘lganini angladikki, endi u dastlabki maqsadiga javob bermaydi. Bizning maqsadimiz har doim birlashtirish va futbolni yanada rivojlantirish bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Shuning uchun bu taklif endi boshqa ishlab chiqilmaydi”, deydi FIFA rahbari.

Shuningdek, Infantino yaqin haftalarda barcha manfaatdor tomonlarni yana bir bor muzokaralar stoli atrofida to‘plab, butun dunyoda, ayniqsa, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj mamlakatlarda futbolni rivojlantirish bo‘yicha yangi yechimlar ishlab chiqish niyatida ekanini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Infantinoning mazkur tashabbusi avvalroq Yevropa futbol ittifoqi (UEFA), Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib dengizi futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF), Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) hamda Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (CONMEBOL) tomonidan rad etilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing