Energiya tejovchi uskuna o‘rnatgan ayrim korxonalar kreditining bir qismini davlat qoplaydi
Jamiyat
−
25 iyun 1944 2 daqiqa
O‘zbekistonda Energiya tejovchi uskuna o‘rnatgan qurilish materiallari korxonalari kreditining bir qismini davlat qoplaydi. Bu haqda bugun, 25 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yilda qurilish materiallari tarmog‘i korxonalari foydalanadigan shartli yoqilg‘i hajmi 2 karra kamaygan.
Sohadagi elektr iste’molining 65 foizi to‘g‘ri keladigan 34 ta yirik korxonada energiya auditi o‘tkazilgani hisobiga o‘tgan yilning o‘zida 240 million kilovatt-soat elektr tejalgan.
Lekin bu hali kam ekani qayd etilgan. Viloyat hokimlariga qurilish materiallari korxonalarini texnologik modernizatsiya qilish orqali energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha katta dasturni boshlash topshirilgan.
Bunda isitish va quritish pechi, tegirmon va energiya sarfi yuqori boshqa uskunalarni energiya tejamkoriga almashtirgan korxonalarga so‘mdagi kreditining 7 foizi, xorijiy valyutada bo‘lsa, 4 foizi kompensatsiya qilib beriladi.
Bu yil yana 38 ta yirik korxonada energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilib, 400 million kilovatt-soat elektrni iqtisod qilish zarurligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida 43 milliard dollarlik 177 ta kelishuvga erishilganini ma’lum qilib, har bir bitim amaliy loyihalar, yangi ish o‘rinlari va yuqori qo‘shilgan qiymatga aylanishi shartligini ta’kidlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi