43 mlrd dollarlik kelishuvlar qog‘ozda qolib ketmasligi kerak – Prezident

Jamiyat

image

Bugun, 25 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida 43 milliard dollarlik 177 ta kelishuvga erishilganini ma’lum qilib, har bir bitim amaliy loyihalar, yangi ish o‘rinlari va yuqori qo‘shilgan qiymatga aylanishi shartligini ta’kidladi. Bu haqda Prezident raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

Davlat rahbari avvalo o‘tgan hafta yuqori saviyada tashkil etilgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi natijalariga to‘xtaldi. Qayd etilishicha, forum doirasida xorijiy hamkorlar bilan umumiy qiymati 43 milliard dollarga teng 177 ta kelishuv imzolangan.

Prezident har bir kelishuv real loyihaga, yangi ish o‘rinlariga va iqtisodiyot uchun yuqori qo‘shilgan qiymatga aylanishi zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, mutasaddilarga xorijiy investorlar tomonidan ilgari surilgan 120 ta taklif yuzasidan aniq yechimlar ishlab chiqish va tegishli qarorlar kiritish topshirildi.

Yig‘ilishda investitsiya sifati va samaradorligini oshirish zarurligi qayd etildi. Ta’kidlanishicha, so‘nggi besh yilda mamlakatga jalb qilingan investitsiyalarning yarmi atigi to‘rtta hudud hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Biroq investitsiyalarning iqtisodiyotga qaytimi hududlar kesimida sezilarli farq qilmoqda. Masalan, 1 million so‘mlik investitsiya Farg‘ona viloyatida yalpi hududiy mahsulotga qo‘shimcha 273 ming so‘m, Samarqandda 262 ming so‘m qo‘shilgan qiymat yaratmoqda. Buxoroda esa bu ko‘rsatkich atigi 117 ming so‘mni tashkil etib, investitsiya samaradorligi boshqa ayrim hududlarga nisbatan qariyb ikki barobar past ekani qayd etilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing