Avstraliyada aholi qarishi va tug‘ilish kamayishi xavfidan ogohlantirildi
Olam
−
08:39 661 2 daqiqa
Avstraliya hukumati 2060-yillarga borib mamlakatdagi o‘limlar soni tug‘ilishlardan oshib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Avstraliya o‘nlab yillar davomida tug‘ilish darajasining pastligini qoplash va aholi sonini oshirish uchun migratsiyaga tayanib kelgan. Biroq migratsiya sur’ati pasayib borayotgani sababli mamlakat Yaponiya, Germaniya va Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlarda kuzatilayotgan demografik jarayonga yaqinlashmoqda.
Ularda o‘limlar soni allaqachon tug‘ilishlardan oshib ketgan.
Avstraliya G‘aznachiligi bugun, 21 sentyabr kuni e’lon qilgan avlodlararo hisobotda sun’iy intellekt, geosiyosiy parchalanish, energetika transformatsiyasi, aholining qarishi va xizmatlarga asoslangan iqtisodiyotga o‘tishni mamlakat iqtisodiy istiqboliga kelgusi 40 yilda eng katta ta’sir ko‘rsatadigan beshta jarayon sifatida qayd etgan.
Hisobotga ko‘ra, tug‘ilish darajasi pasayishi va xorijdan sof migratsiya — mamlakatga kelayotganlar bilan undan ketayotganlar o‘rtasidagi farq — qisqarishi natijasida keyingi 40 yilda aholi o‘sishi yiliga o‘rtacha 0,9 foizgacha sekinlashadi. Bu ko‘rsatkich so‘nggi 40 yilda o‘rtacha 1,4 foizni tashkil etgan.
“Avstraliya aholisi prognoz qilinganidan tezroq qariydi va sekinroq o‘sadi. 2060-yillarga borib o‘limlar tug‘ilishlardan oshib ketishi prognoz qilinmoqda. Bu Avlodlararo hisobotda birinchi marta shunday prognoz qilinmoqda va shu paytdan tabiiy o‘sish aholi ko‘payishining omili bo‘lmay qoladi”, deyiladi G‘aznachilik hisobotida.
Avstraliyaning markaz-chap Leyboristlar hukumati o‘tgan hafta migratsiya qoidalarini kuchaytirgan. Bosh vazir Entoni Albanez o‘ng populistik Bir millat partiyasi qo‘llab-quvvatlovi ortib borayotgan bir paytda migratsiyani cheklash choralarini kuchaytirmoqda.
Hisobotda aholining qarishi parvarish xizmatlariga talabni oshirishi ham ta’kidlangan. Aholisi nisbatan keksa bo‘lgan hududlarda sog‘liqni saqlash va keksalarga qarash sohalarida mehnat tanqisligi kuchayishi mumkin, chunki bu tarmoqlar migrant ishchilarga katta darajada tayanadi.
Shuningdek, hujjatda kelgusi byudjetlarda soliqlarni kamaytirish imkoniyati ham qayd etilgan. Hukumat inflyatsiyaning yuqoriligi, ipoteka stavkalarining oshishi va qimmat uy-joylar sharoitida aholiga turmush xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha yordam ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliya xorijlik talabalarga o‘qish davrida turmush o‘rtog‘i, hamkori va farzandlarini mamlakatga olib kelishni taqiqlashni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi