Avstraliya xorijlik talabalarga oilasini olib kelishni cheklamoqchi
Olam
−
08:38 407 2 daqiqa
Avstraliya xorijlik talabalarga o‘qish davrida turmush o‘rtog‘i, hamkori va farzandlarini mamlakatga olib kelishni taqiqlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda ABC News kanali manbalarini keltirmagan holda xabar berdi.
Shuningdek, vaqtinchalik migrantlarning vizalarini o‘zgartirish qoidalari ham kuchaytiriladi. Bu choralar migratsiya siyosatiga kiritilayotgan o‘zgarishlar doirasida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Avstraliya Ichki ishlar vaziri Toni Byorkning bugun, 17 sentyabr kuni Milliy matbuot klubida so‘zlaydigan nutqida 2028 yilga borib mamlakatga keladigan sof xorijiy migrantlar sonini hozirgi qariyb 300 mingdan 225 ming nafargacha kamaytirish rejasini ma’lum qilishi kutilmoqda.
Hozirgi qoidalarga ko‘ra, xalqaro talabalarning turmush o‘rtog‘i yoki hamkori Avstraliyada ishlashi mumkin. Ularning ishlash soati talaba o‘qiyotgan kursga qarab belgilanadi. Talabalar, shuningdek, 18 yoshga to‘lmagan qaramog‘idagi farzandlarini ham mamlakatga olib kelishi mumkin.
Hukumatning yangi choralari One Nation partiyasi vaqtinchalik migrantlar sonini uch yil ichida 750 ming nafarga qisqartirishni taklif qilganidan keyin e’lon qilinmoqda. Partiya bu orqali avstraliyaliklarga “nafas olish uchun imkon” yaratishni maqsad qilganini bildirgan.
Avstraliyaning migratsiya oqimi asosan xalqaro talabalar, sayohat qiluvchi yoshlar va vaqtinchalik malakali ishchilar hisobiga oshgan. Mamlakat 2022 yil fevral oyida koronavirus cheklovlari tufayli qariyb ikki yil yopiq turgan chegaralarini ochganidan keyin migratsiya ko‘rsatkichlari keskin o‘sgan.
Biroq so‘nggi ikki yilda migrantlar oqimi pasayib bormoqda. Shu bilan birga, tanqidchilar migrantlar oqimining ko‘payishi uy-joy va infratuzilmaga bosimni kuchaytirgani hamda jamiyatdagi ijtimoiy birlikka salbiy ta’sir ko‘rsatganini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ma’muriyati AQSH universitetlarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar uchun ayrim amaliyotlarga ruxsat berishni cheklashni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi“Boysun do‘ppisi” patentlandi
16 sentabr
Ronald Kumanning ayoli 65 yoshida vafot etdi
16 sentabr