Zelenskiy Rustam Umarovni ishdan olmoqchi
Olam
−
15 iyul 16818 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat hukumatini yangilashga qaror qilgan. U Rustam Umarov o‘rniga Mudofaa vaziri lavozimiga Denis Shmigalni tayinlamoqchi. Bu haqda u kecha, 14 iyul kuni Ukraina xalqiga yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, yangi Mudofaa vaziri hozirgi Bosh vazir Denis Shmigal bo‘ladi.
“Denis Shmigaldagi ulkan tajriba aynan Ukraina Mudofaa vazirligi lavozimida foydali bo‘ladi”, deydi Zelenskiy.
Uning aytishicha, hozir aynan ushbu sohada mamlakat resurslarining asosiy qismi jamlangan va eng ko‘p vazifalar va katta mas’uliyat aynan shu yerda. Ukraina Prezidenti parlament deputatlaridan hukumatning yangi tarkibini qo‘llab-quvvatlashini kutayotganini ham bildirgan.
“Va muhim jihat shuki, hukumat hamkorlarimiz bilan tuzilgan barcha kelishuvlarni tezda auditdan o‘tkazishi kerak – nimalar ishlayapti, nimalarni qayta ko‘rib chiqish yoki faollashtirish lozim”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Hozirda Mudofaa vazirligi rahbari lavozimini Rustam Umarov egallab turibdi. U 2023 yildan beri bu vazifani bajarmoqda. Umarov iqtisodiy ma’lumotga ega bo‘lib, ilgari telekommunikatsiya va investitsiya sohalarida ishlagan.
2019 yilda u qo‘shiqchi Svyatoslav Vakarchuk asos solgan “Golos” partiyasidan parlamentga saylangan, o‘nlab qonun loyihalarining muallifi va hammuallifi bo‘lgan. Rossiya bosqini boshlanganidan keyin Umarov Ukraina delegatsiyasi tarkibida Rossiya bilan muzokaralarda ishtirok etgan.
“Ukrainskaya pravda” nashrining yozishicha, Zelenskiy Umarovni AQSHdagi Ukraina elchisi lavozimiga tayinlamoqchi.
“Prezident Vladimir Zelenskiy Mudofaa vaziri Rustam Umarovni AQSHdagi elchilik lavozimi uchun asosiy va hozircha yagona nomzod sifatida ko‘rib chiqmoqda”, deb yozadi nashr.
Denis Shmigal 1975 yil 15-oktabrda Lvov shahrida tug‘ilgan. U Lvov Politexnika universitetining “Ishlab chiqarish sohasida boshqaruv (mashinasozlik)” yo‘nalishini tamomlagan va muhandis-iqtisodchi malakasiga ega. Fan nomzodi unvoniga ega, ukrain, rus, ingliz va polyak tillarini biladi. Turli yillarda u bankda, avtobus zavodida, Lvov viloyati ma’muriyatida ishlagan, shuningdek, deputat yordamchisi bo‘lgan.
2014 yilda u parlament saylovlarida, keyinroq esa Lvov viloyat kengashiga nomzod sifatida qatnashgan, ammo ikkala saylovda ham g‘alaba qozona olmagan. 2015-2019 yillarda u xususiy biznes bilan shug‘ullangan, 2019 yilda Zelenskiy farmoni bilan Ivano-Frankovsk viloyati davlat ma’muriyati raisi etib tayinlangan.
Oradan yarim yil o‘tib, 2020 yil 4 fevralda Shmigal Bosh vazir o‘rinbosari – jamoalar va hududlar rivojlanishi vaziri etib tayinlangan, bir oy o‘tib esa Aleksey Goncharuk o‘rniga Bosh vazir lavozimini egallagan.