Zelenskiy Istanbulda faqat Putin bilan muzokara olib boradi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 15 mayga rejalashtirilgan Istanbuldagi muzokaralar chog‘ida Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan boshqa hech kim bilan muloqot qilmaydi. Bu haqda bugun, 13 may  kuni Zelenskiyning maslahatchisi Mixaylo Podolyak “The Breakfast Show” dasturida ma’lum qildi.

“Yo‘q, albatta, bu format emas, Prezident uchrasha olmaydi – ayniqsa bunda maqom to‘liq aniq bo‘lmaydi.

Biz Rossiyada hokimiyatning tuzilishini tushunamiz va hatto rasmiy maqomga ega vazirlar yoki Mishustin maqomiga ega bo‘lgan odamlar ham, masalan, muayyan qarorlar qabul qilish vakolatiga ega bo‘lishi dargumon. Faqat Putin urushni davom ettirish yoki urushni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin – bu aniq”, dedi Podolyak Zelenskiy Putindan boshqasi bilan muloqot qiladimi, degan savolga javoban.

Unga ko‘ra, agar Putin Istanbulga chindan yetib borsa, u bilan muzokaralar o‘tkazishni taqiqlovchi Ukraina hujjatlariga huquqiy o‘zgartirishlar kiritiladi. Ikki mamlakat delegatsiyalarining quyi darajadagi potensial uchrashuvida, Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, “hech qanday muhim masala” hal etilmaydi.

Kreml muzokaralar haqida izoh berishdan bosh tortdi.

“Rossiya tomoni payshanba kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan muzokaralarga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Biz hozircha boshqa hech narsa haqida izoh bermaymiz”, dedi Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Kreml voizi delegatsiya tarkibi haqidagi savolga javob berar ekan, bu haqda “Prezident zarur deb bilgan zahoti” e’lon qilinishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Putin 15 may kuni Turkiyada Ukraina bilan “oldindan hech qanday shartlarsiz” to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgan, shu bilan birga, Yevropa davlatlari va AQSHning Rossiyaning 30 kunlik sulh e’lon qilish haqidagi chaqiriqlariga e’tibor bermagandi. Zelenskiy Istanbulda Putin bilan bevosita muzokaralarga tayyor ekanini aytdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp ham muzokaralar rejalashtirilgan kuni Istanbulga tashrif buyurishi mumkinligini tan oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Ukraina Vladimir Zelenskiy Istanbul sammiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing