Yangi tug‘ilgan chaqaloq 15 marta pichoqlab o‘ldirildi
Olam
−
12:22 3131 2 daqiqa
Buyuk Britaniyaning Sheffild shahrida yangi tug‘ilgan qizaloq 15 marta pichoqlanib, jami 33 ta jarohat bilan o‘lik holda topildi. Chaqaloqni o‘ldirishda ayblanayotgan to‘rt kishi, jumladan, uning 20 yoshli onasi Andrea Skopova sudga tortildi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 20 yoshli Andrea Skopova, 19 yoshli Piter Xorvat, 38 yoshli Piter Xorvat va 37 yoshli Nina Xorvatova Slovakiya fuqarolari bo‘lib, yangi tug‘ilgan qizaloqni o‘ldirishda ayblanmoqda.
Chaqaloq dastlab ayblov hujjatlarida “Baby S” deb ko‘rsatilgan. Keyinchalik shu hafta boshida Sheffildda boshlangan tergov doirasidagi sud majlisida uning ismi Mariya Skopova ekani ma’lum qilingan.
Sudda prokuror chaqaloqning tanasida 33 ta jarohat bo‘lganini, unga 15 marta alohida pichoq sanchilganini aytgan. Jarohatlar qizaloqning yuzi hamda tanasining old va orqa qismiga yetkazilgan.
Chaqaloqning jasadi joriy yilning 30 avgust kuni Janubiy Yorkshirning Sheffild shahridagi Uinkobank hududida joylashgan uyga qarashli qo‘shimcha binoda, kir yuvish mashinasi ustidan topilgan. U sochiqqa o‘ralgan va ko‘k rangli sumkaga solingan bo‘lgan.
Prokurorning aytishicha, Skopova chaqaloqning onasi, uning otasi esa noma’lum. Skopovaning sevgilisi Piter Xorvat ayblanuvchilardan biri bo‘lgan. Xorvat qolgan ikki katta yoshli sudlanuvchi – Xorvat va Xorvatovaning o‘g‘li. Biroq sudda Xorvat chaqaloqning otasi emasligi aytilgan.
To‘rt nafar katta yoshli sudlanuvchiga bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan yoki uning o‘limiga yo‘l qo‘yganlik hamda jinoyat sodir etilgan joyni tozalab, odil sudlov jarayoniga to‘sqinlik qilganlik bo‘yicha qo‘shimcha ayblovlar ham qo‘yilgan.
Shuningdek, 15 yoshli qiz ham ayni sud majlisida odil sudlov jarayoniga to‘sqinlik qilishda ayblanib, sudga olib chiqilgan. Uning shaxsi qonun bo‘yicha oshkor etilmagan.
Sudlanuvchilar kecha, 2 oktyabr kunidagi majlisda ularga qo‘yilgan ayblovlarni na tan olgan, na rad etgan. Shu bilan birga, keyingi sud majlisi joriy yilning 14 dekabriga belgilangan. Sudya Jeremi Richardson barcha sudlanuvchilarni hibsda qoldirish haqida qaror chiqargan.
Ma’lum qilinishicha, ish bo‘yicha asosiy sud jarayoni 2027 yil 12 apreldan boshlanishi va olti-yetti hafta davom etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda 20 kunlik qizaloq tiriklayin yerga ko‘milgan holda topilgandi.
Live
Barchasi