Hindistonda yangi tug‘ilgan chaqaloq tiriklayin ko‘mildi

Olam

image

Hindistonda 20 kunlik qizaloq tiriklayin yerga ko‘milgan holda topildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, chaqaloqni qo‘y boqayotgan cho‘pon tasodifan topib olgan. U tuproq ostidan eshitilgan yig‘i ovozini payqab, yaqinlashganda yer ostidan qizchaning qo‘li ko‘rinib turganini payqagan. Erkak qishloq aholisini chaqirgan, ular esa politsiyani xabardor qilgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari chaqaloqni qazib olib, shifoxonaga olib borgan.

Shifokorlar qizaloq og‘ir ahvolda olib kelinganini aytgan. U butunlay tuproqqa belangan, og‘zi va burniga qum kirgani sababli bo‘g‘ilish alomatlari kuzatilgan. Uning tanasida hasharot chaqishi va ehtimol, hayvon hujumi izlari ham bor edi. Bir sutka ichida ahvoli biroz yaxshilangan, ammo keyin infeksiya sabab yomonlashgan. 

“Prognoz ijobiy emas, lekin biz uni qutqarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqdamiz”, degan shifokor. 

Politsiya hozircha qizaloqning ota-onasini aniqlamagan, tergov davom etmoqda.

Nashrning yozishicha, bunday holatlar Hindistonda ko‘pincha o‘g‘il farzandga beriladigan an’anaviy ustunlik bilan bog‘liq. Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, qiz farzandlar ko‘pincha iqtisodiy yuk sifatida qaraladi, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalarda. Ayrim nodavlat tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Hindistonda millionlab qizlar jinsga qarab abort qilingan yoki chaqaloq holida o‘ldirilgan. Qonun bo‘yicha bola jinsini tug‘ilmasdan oldin aniqlash taqiqlangan bo‘lsa-da,  klinikalar yashirin tarzda ishlashda davom etmoqda.

2019 yilda ham shunga o‘xshash voqea qayd etilgan edi – Hindistonda muddatidan oldin tug‘ilgan qizcha sopol idishga solinib, tiriklayin ko‘milgan holda topilgan va qutqarib qolingan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda shifokorlar noyob kasallikka chalingan chaqaloqda muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazib, uning tanasidan ikkita rivojlanmagan embrionni olib tashlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

chaqaloq Hindiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing