Hindistonda bir oylik chaqaloqning qornidan ikkita homila topildi
Olam
−
07 Sentabr 2025 21168 2 daqiqa
Hindistonda shifokorlar noyob kasallikka chalingan chaqaloqda muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazib, uning tanasidan ikkita rivojlanmagan embrionni olib tashladi. Bu haqda “The Times of India” xabar berdi.
Ushbu murakkab operatsiya Xaryana shtatining Gurgaon shahridagi shifoxonada o‘tkazilgan. Shifokorlarning aytishicha, “homila ichida homila” deb ataluvchi bu kasallik har 500 mingta holatdan birida uchraydi. Bunday anomaliya homiladorlikning ilk bosqichida yuz beradi, ya’ni homilalardan biri to‘g‘ri rivojlanmay qoladi va uni egizagi o‘z ichiga oladi.
Nashrga ko‘ra, chaqaloqning onasi uch egizakni tug‘ishi kutilgan, ammo homiladorlik davomida ulardan biri qolgan ikki homilani o‘ziga singdirib yuborgan. Tug‘ilgan qizaloq 20 kundan keyin qorin shishishi va ovqat yemay qo‘yishi sabab shifoxonaga yotqizilgan. Tekshiruv davomida shifokorlar qizchaning oshqozonini siqib turgan o‘sma shaklidagi tuzilmalarni topgan. Operatsiya chog‘ida ular aslida noto‘g‘ri shakllangan embrionlar ekani aniqlangan.
Jarrohlik ishida 15 nafar shifokor qatnashib, ikki soat davomida qizchaning ichki organlariga zarar yetkazmaslik uchun o‘ta ehtiyotkorlik bilan o‘sma to‘qimalarini olib tashlagan.
“Bu juda noyob va murakkab holat bo‘ldi – ham tashxis qo‘yish, ham operatsiyani bajarish jihatidan. Biz bitta emas, balki birdaniga ikkita embrionni bir qop ichida, atigi bir oylik chaqaloq ichidan topdik. Eng qiyin vazifa esa shunday mitti organizmda jarrohlikni nozik aniqlik bilan o‘tkazish edi”, degan shifokorlardan biri.
Operatsiyadan so‘ng qizaloqqa javob berilgan va shifokorlarning aytishicha, u hozir o‘zini yaxshi his qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Xaryana shtatida shifokorlar tug‘uruq jarayonida chaqaloqning qo‘lini uzib yuborgandi. Yangi tug‘ilgan chaqaloq tibbiyot xodimlarining beparvo va rahmsiz muomalasi oqibatida jarohat olgan. Chaqaloqning oila a’zolari holat bo‘yicha shifokorlardan izoh so‘raganda, shifokorlar jabrlangan oilani haqorat qilib, shifoxonadan chiqarib yuborgan. Keyinchalik chaqaloq boshqa shifoxonaga yuborilgan.
Live
Barchasi