Voyaga yetmagan qizga jinsiy tajovuz qilgan inspektor 15 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Surxondaryoda voyaga yetmagan qiz bilan bog‘liq jinoyatda ayblangan sobiq ichki ishlar xodimiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati sudlari xabar berdi.

Mazkur ish avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda sobiq inspektorning 14 yoshli voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy tajovuz sodir etgani haqidagi xabarlar tarqalishi ortidan jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi.

Keyinchalik holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishi sudga oshirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining joriy yil 22 iyuldagi hukmiga ko‘ra, Denov tumani IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limining voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha sobiq inspektor-psixologi A. Rahmatov Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (nomusga tegish) hamda 206-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan aybdor deb topilgan.

Sud hukmi bilan unga 2 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 15 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.

Sud ma’lumotiga ko‘ra, hozirga qadar mazkur hukm yuzasidan shikoyat yoki protest kelib tushmagan.

Shuningdek, ish taraflari qonunchilikda belgilangan tartibda sud hukmi ustidan shikoyat qilish huquqiga egaligi bildirilgan. Agar apellyatsiya yoki protest kiritilsa, hukmning qonuniyligi, asoslanganligi va adolatliligi yuqori instansiya sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 14 yoshli qiz 4 kishi tomonidan zo‘rlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing