Vengriya Putinni hibsga oladimi?

Olam

image
AQSH Netanyaxuni hibsga olishga order bergani uchun XJSga sanksiya kiritmoqchi north_east

AQSH Netanyaxuni hibsga olishga order bergani uchun XJSga sanksiya kiritmoqchi

Vengriya Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish uchun Budapeshtga tashrifi chog‘ida Xalqaro jinoiy sud (XJS) buyrug‘i asosida hibsga olinishi xavfi yo‘qligini ma’lum qildi. Bu haqda Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto jurnalistlarning savollariga javob berish chog‘ida aytdi.

“Biz bu yerda Vladimir Putinni qabul qilamiz va u muvaffaqiyatli muzokaralar olib borishiga hamda keyin uyiga qaytishini kafolatlaymiz”, dedi vazir.

TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Vengriya rasmiylari AQSH va Rossiya Prezidentlarining xavfsiz va osoyishta muhitda muzokara o‘tkazishi uchun barcha sharoitlarni ta’minlashga tayyor.

Siyyarto, shuningdek, rasmiy Budapesht Putinning tashrifi yoki XJS orderi Rossiya Prezidentining sammitda ishtirok etishiga to‘siq bo‘ladimi yoki yo‘qligi bo‘yicha o‘z ittifoqchilari bilan maslahatlashishni rejalashtirmayotganini aytdi.

“Kim bilandir maslahatlashishga hojat yo‘q. Vengriya suveren davlat”, deya ta’kidladi u.

16 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Vengriyada Putin bilan uchrashishini ma’lum qildi. Muzokaralarning aniq sanasi hali belgilanmagan.

Vengriya 1999 yilda Xalqaro jinoiy sudning asosini tashkil etuvchi Rim statutini imzolagan va 2001 yilda uni ratifikatsiya qilgan, biroq 2023 yildayoq mamlakat rasmiylari Putin tashrif buyurgan taqdirda u hibsga olinmasligini aytgan.

2025 yilda Vengriya hukumati Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni mamlakatga taklif qildi. Netanyaxuning tashrifi ortidan Vengriya Xalqaro jinoiy suddan chiqishini e’lon qildi. 2025 yilning oktyabr holatiga ko‘ra, Vengriyaning XJSdan chiqishi tugallanmagan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Tojikistonga kelgandi. Ammo Rahmon hukumati Putinni hibsga olmadi. Yevropa Ittifoqi Putinni hibsga olmagani uchun Tojikistonni Xalqaro jinoiy sud talablarini bajarmaganlikda aybladi. Sababi Tojikiston 2002 yildan beri Xalqaro jinoiy sud a’zosi sanaladi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Putin Vengriya Peter Siyyarto Rim statuti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing