Turkiya Ukraina bo‘yicha muzokaralar olib borishi mumkin – Erdo‘g‘an
Olam
−
24 fevral 2717 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an uning mamlakati Ukrainadagi mojaroning hal etilishiga hissa qo‘shishga va tegishli muzokaralarga mezbonlik qilishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilgan videomurojaatida ma’lum qildi.
“Uch yil avval mojaroning boshida bo‘lganimizdek, bugun ham urushni muzokaralar yo‘li bilan tugatish uchun barcha sa’y-harakatlarimizni ishga solishga ahd qildik. Shu bilan birga, biz Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. O‘tgan hafta Anqarada biz janob Vladimir Zelenskiy bilan Turkiya ushbu muhim bosqichda qanday hissa qo‘shishi va muzokaralarga mezbonlik qilish istagini muhokama qildik”, deydi Erdo‘g‘an.
Turkiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u “diplomatiya, muloqot va muzokaralar asosidagi kelishuvga yondashuvlar qanday kuchayib borayotganini” ko‘rmoqda.
“Umid qilamizki, bu jarayon mojaroga barham berib, doimiy tinchlik o‘rnatilishiga olib keladi”, deya qo‘shimcha qildi Erdo‘g‘an “2025 yil murosa yili bo‘lishiga” umid bildirib.
Eslatib o‘tamiz, 18 fevral kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgandi. Shu kuni Turkiyaning birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an ham Zelenskiyning turmush o‘rtog‘i Yelena Zelenskaya bilan uchrashdi.
Live
Barchasi