Turkiya Qoraqalpog‘istondagi voqealar haqida qanday fikrdaligi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
04 iyul 2022
24376O‘zbekiston tomonidan Qoraqalpog‘istonda tinchlikni va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlarni Turkiya qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda bugun, 4 iyul kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov bilan bo‘lgan muloqotida ma’lum qildi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, tomonlar telefon orqali muloqot qilgan.
“Suhbat avvalida Mavlud Chavusho‘g‘li O‘zbekiston tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida tinchlik, xavfsizlik va jamoat osoyishtaligini ta’minlash, ushbu hududning barqaror rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilgan qat’iy chora-tadbirlarni Turkiya qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi”, deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.
Bundan tashqari muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘laqonli amalga oshirish muhimligi qayd etilgan.
Ikki va ko‘p tomonlama shakldagi rejalashtirilgan tadbirlarnining tashkiliy va mazmuniy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Shu jumladan, Toshkent shahrida o‘tkazilishi kutilayotgan tashqi siyosat, iqtisodiyot va transport masalalari uchun mas’ul idoralar rahbarlari darajasidagi “O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya” uch tomonlama uchrashuviga tayyorgarlik jarayoni muhokama qilingan.
Avvalroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Xitoy kabi bir qator davlatlar O‘zbekiston hukumatining Qoraqalpog‘iston Respublikasida barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
Bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi