To‘qayev O‘zbekistonga tashrifini yakunladi (video)
Jamiyat
−
16 noyabr 3858 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekistonga davlat tashrifini yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida To‘qayevni kuzatib qo‘ydi. Shu bilan Qozog‘iston yetakchisining davlat tashrifi yakunlandi.
To‘qayev 11-12 noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Rossiyada bo‘ldi, so‘ng O‘zbekistonga keldi. Qozog‘iston Prezidenti Toshkentdagi matbuot anjumanida Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi qo‘shma gaz loyihasi muvaffaqiyatli ekani, gaz tranzitini kengaytirish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.
Toshkentda Qozog‘iston rahbari bugun, 16 noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida ishtirok etdi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev bergan takliflarni qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun Ilhom Aliyev amaliy tashrif bilan Toshkentga kelgani va Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ham Toshkentga kelgan va Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazgandi. Ular Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi va “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan bugun, 16 noyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.