Trampning tinchlik rejasi Rossiya manfaatlariga javob bermasligi aytildi
Olam
−
22 noyabr 2025 8995 3 daqiqa
Rossiya AQSHning Ukraina bilan tinchlik o‘rnatish bo‘yicha yangi taklifiga rozi bo‘lmasligi kerak, chunki bu urushning haqiqiy yakuniga olib kelmaydigan “provokatsiya”dir. Bu haqda Davlat dumasi Mudofaa qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksey Juravlev aytdi.
“Mojaro faqat frontda aniq g‘alabaga erishib, Ukraina taslim bo‘lgan taqdirdagina to‘liq hal bo‘lishi mumkin. Boshqa har qanday natija faqat qarama-qarshilikni keyinga qoldiradi”, deb yozadi u.
Juravlevning so‘zlariga ko‘ra, “Amerika g‘oyasi Ukrainani Rossiya uchun to‘xtatuvchi vosita sifatida saqlab qolishdir”.
“Agar u ham hududiy, ham harbiy jihatdan cheklansada, bu biz uchun katta xavf tug‘diradi va biz g‘arbiy chegaralarimizda armiya saqlashimiz kerak. Bu AQSHga Xitoy bilan yaqinlashib kelayotgan qarama-qarshilik uchun erkin yo‘l ochadi. Umid qilamanki, Rossiya tomoni bunday provokatsiyalarga rozi bo‘lmaydi”, dedi deputat.
Uning qo‘shimcha qilishicha, umuman olganda, “AQSH vakillari bunday shartnoma imzolanishini Rossiya manfaatlariga mos deb ko‘rsatishga qanchalik urinmasinlar”, Amerika rejasini Rossiya talablari bilan tenglashtirish g‘alati bo‘lardi.
21 noyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 28 banddan iborat hujjat matnini AQSHdan olganini ma’lum qildi. Davlat rahbari bu reja yakuniy kelishuvga asos bo‘lishi mumkinligini aytdi, biroq Ukraina kelishuvga erishmagani uchun Rossiya bilan hech qanday mazmunli muhokamalar hali bo‘lmaganini ta’kidladi. Putin, shuningdek, urushni davom ettirishga tayyorligini bildirdi, chunki u janglarning “hozirgi dinamikasidan” qoniqdi.
Kremlga yaqin manbaning “The Guardian” nashriga aytishicha, Prezidentga Amerika taklifining umumiy konturlari “yoqdi”. Biroq, Putin rejada “NATOni sharqqa kengaytirmaslik”ning qonuniy kafolati, shuningdek, Ukrainaning neytral maqomi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgani haqida eslatilmaganidan norozi edi.
“Qo‘shni davlatning YeIga kirishiga kelsak, Rossiya harbiy komponent chiqarib tashlangan taqdirdagina bunga rozi bo‘lardi”, deydi manba Avstriyaning neytrallik modelini misol qilib keltirgan holda.
Qo‘shma Shtatlar taklif qilgan rejada Moskvaga bir qator muhim imtiyozlar berilgan, Kiyev ularni bir necha bor rad etgan. Bular Donbassning deyarli to‘rt yildan beri egallab ololmagan hududlarini ham qo‘shib Rossiyaga o‘tkazish va Ukraina Qurolli kuchlari sonini 600 ming askarga qisqartirishdir. Hujjatda, shuningdek, Ukraina NATOga qo‘shila olmasligi, xorijiy qo‘shinlarni qabul qila olmasligi va yadro quroliga ega bo‘la olmasligi ham ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, AQSH Putin Rossiya deb e’lon qilib, Konstitutsiyaga kiritgan bo‘lsa-da, to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab Xerson va Zaporoje viloyatlarini muzlatib qo‘yishni, Donetsk viloyatining hozirda Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostidagi qismida qurolsizlantirilgan hudud yaratishni taklif qilmoqda. Qolaversa, Oq uy Rossiyaning Yevropada muzlatib qo‘yilgan 100 milliard dollarlik aktivlarini Ukrainani tiklashga yo‘naltirmoqchi va unga 10 yil davomida NATO kabi xavfsizlik kafolatlarini bermoqchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Guardian” nashri o‘z manbalariga tayanib AQSH armiyasi vaziri Den Driskoll mamlakat Prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha yangi maxsus vakili etib tayinlangani haqida yozgandi. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarovga ko‘ra, Ukraina va AQSH Rossiya bilan mojaroni hal etish bo‘yicha tinchlik rejasini muhokama qilish uchun Shveysariyada uchrashuv o‘tkazadi.
Live
Barchasi