Tramp Zelenskiydan qutulishni istaydi – OAV
Olam
−
20 fevral 7333 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukrainada yangi davlat rahbari saylovlarini o‘tkazish zarurligi haqidagi bayonotlari uning Vladimir Zelenskiydan “qutulish” niyatini anglatadi. Bu haqda manbalariga tayanib, “The Economist” jurnali xabar berdi.
“Tramp, aftidan, o‘ziga hech qachon yoqmagan va murakkab odam deb hisoblagan Zelenskiydan qutulishni xohlaydi”, deydi nashr bilan suhbatda ismi oshkor etilmagan sobiq diplomat.
Unga ko‘ra, Zelenskiy hatto Ukrainada ham obro‘sini yo‘qotgan. Shu sababli hozir sarosimada bo‘lib, xatolar qilmoqda va o‘z maslahatchilari doirasida “yopilib qolgan”. Shu bilan birga, Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy esa, aksincha, tobora kuchayib, o‘z tarafdorlarini ko‘paytirib bormoqda.
Nashr manbasining ta’kidlashicha, Ukraina Oliy radasida ham vaziyat murakkab: deputatlar Vashingtonning ularga nisbatan e’tiborini susaytirayotganini tushunmoqda va ehtimol, Rossiya oldida kapitulyatsiya qilish (harbiy mojaroda bir tomonning mag‘lubiyatni tan olishi va qarshilikni to‘xtatib, g‘olib tomon shartlarini qabul qilishi) ehtimoli yaqinlashib kelayotganini anglamoqda.
Nashrning yozishicha, nazariy jihatdan Ukraina Trampning Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazish taklifini rad etib, jangovar harakatlarni davom ettirishi mumkin. Biroq amaliyotda bunday ssenariy Kiyev ahvolining tez yomonlashuviga olib keladi.
Qayd etilishicha, Ukraina Qurolli kuchlari operativ darajada jiddiy muammolarga duch kelmoqda va strategik rejalashtirish deyarli mavjud emas. Bundan tashqari, front chizig‘ida shaxsiy tarkib yetishmovchiligi keskin sezilmoqda, ayrim brigadalarning soni oddiy holatdagidan uch baravar kam.
“The Economist”ning baholashicha, Trampning Ukraina ustidan bosim o‘tkazish uchun ko‘plab vositalari bor. Masalan, u Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishi va Kiyevga harbiy yordamni to‘xtatishi mumkin. Shuningdek, AQSH razvedka ma’lumotlarining Ukrainaga yetkazilishini to‘xtatish va Ukraina Qurolli kuchlarini bo‘linmalararo aloqaning asosi bo‘lib turgan Starlink sun’iy yo‘ldosh terminallaridan uzish imkoniyatiga ega.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp 18 fevral kuni Floridaning Mar-a-Lago shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ukrainada saylovlar uzoq vaqtdan beri o‘tkazilmagani va xalq Prezident Zelenskiydan unchalik mamnun emasligini, uning ishonchi 4 foizgacha tushib ketganini aytgandi.
Bunga javoban Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa kecha, 19 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Trampga javob qaytarib, uning ishonch reytingi 57 foizni tashkil etishini, Tramp Zelenskiyning ishonch reytingi 4 foizga baholangani haqidagi so‘zlarini Rossiyadan kelgan ma’lumotlarga asoslanganini, hozirda hech kim uni almashtira olmasligini aytdi.
Oradan ko‘p o‘tmay Tramp yana bir bayonot bilan chiqib, Zelenskiyni “saylovlarsiz diktator” va “muvaffaqiyatli komediyachi” deb atadi. Shuningdek, Tramp Zelenskiy saylovlarda qatnashishdan bosh tortganini, Baydenni “skripka kabi” chalishni yaxshi bilganini yozdi.